Eko-zakovat — ekologik bilimlar maydoni
Bugun inson hayotiga turli ekologik xavf-xatarlar rahna solayotgan bir paytda atrof-muhitni asrab-avaylash, tabiatga zarar yetkazmaslik choralarini ko‘rish dolzarblashib bormoqda. Ayniqsa, insonlarning, yosh avlodning ekologik madaniyatini, bilim va ko‘nikmalarini oshirish eng maqbul yo‘llardan biri ekani ayon bo‘layotir.
"Eco schools Uzbekistan" loyihasi doirasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda eko-zakovat tashkil etildi. Unda Toshkent shahridagi yigirmaga yaqin maktab jamoalari ishtirok etdi.


Eko-zakovatda ishtirok etgan maktablarning jamoalari o‘zlarining ekologik bilimlari va amaliy faoliyati bilan o‘zaro bellashdi. Ekologiyaga oid qator savollarga javob topishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga, 2-o‘rin Yashnobod tumanidagi 61-maktabga, 3-o‘rin Toshkent Prezident maktabiga nasib qildi.


Bu kabi loyihalar yosh avlod uchun yashil va barqaror kelajak yaratish, yoshlarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova,
O‘zA