2026-yil 1-yanvardan O‘zbekiston sharoitida eko-stiker, ya’ni "Ekologik transport" tizimi kuchga kiradi. Tizimga oid qoidalar buzilganda jarimalar qo‘llash esa 2 yildan so‘ng boshlanadi.
Bugun dunyoning har bir burchida ekologik barqarorlik masalasi kun tartibiga chiqqan. Chunki toza havo — sog‘lom hayot, sog‘lom jamiyat esa barqaror taraqqiyot degani. Afsuski, so‘nggi yillarda havoning ifloslanishi inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsata boshladi.
Avtomobillar, avtobuslar, yuk mashinalari va boshqa harakatlanuvchi texnika turlari yoqilg‘i yonishi jarayonida turli xil zaharli moddalarni havoga chiqaradi. Atmosfera ifloslanishi iqlim o‘zgarishi, havo harorati oshishi va kislotali yomg‘irlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, yirik shaharlarda transport vositalari sonining ko‘payishi havo sifatining keskin yomonlashishiga olib kelmoqda.
Muammoni kamaytirish uchun ekologik toza transport turlariga o‘tish, elektr va gibrid avtomobillardan foydalanish, jamoat transportini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tkazish, sifatli yoqilg‘idan foydalanish va harakat madaniyatini oshirish ham zararli gazlar miqdorini qisqartirishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekiston sharoitida eko-stiker, ya’ni "Ekologik transport" tizimi kuchga kirmoqda.
Xo‘sh, eko-stiker rangi mos kelmaydigan hududga kirgan haydovchi qay tartibda aniqlanadi va unga jarima qo‘llaniladimi?
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Toshkent shahri Mirobod tumanidagi “Fayzobod” transport vositalari diagnostika tekshiruvi markazida “Ekologik transport” tizimining mohiyati va ahamiyatini jamoatchilik o‘rtasida keng tushuntirish yuzasidan tashkil etilgan tadbirda ushbu savolga ham javob berildi.
—Eko-stikerlar uch xil — yashil, sariq va qizil rangda bo‘ladi, —deydi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev. — Dastlab mashinasi sariq yoki qizil stiker olgan haydovchi stikerlar rangini o‘zgartirish huquqiga ega. Mamlakatimizdagi barcha hududlarda diagnostik markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sariq yoki qizil stiker olgan fuqarolar transport vositalarini shu diagnostik ko‘rikdan o‘tkazib, stikerlari rangini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, qizil stikerli avtomashinalar toza hududga kirmoqchi bo‘lganida bevosita xabari berib boriladi. Chunki transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va hisobotlar Yo‘l harakati xavfsizligi tizimida elektron tarzda yuritib boriladi. Bu borada yagona elektron tizim mavjud. Bugungi kunda markaziy shaharlarning aksariyat qismida dasturlashtirilgan kameralar va kuzatish imkonini beruvchi boshqa vositalar mavjud.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jarima qo‘llash tizimi 2026-yil 1-yanvardan boshlanmaydi. Eko-stiker rangi mos kelmaydigan hududga kirilganda haydovchilarga tegishli tartibda jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA