Ehtiyotkorlik – salomatlik garovi
Jumladan, Jizzax viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ham bu borada qator ishlar amalga oshirilayotir.
Mamlakatimizda koronavirus tarqalishining oldini olish, aholi salomatligini saqlash maqsadida ichki ishlar organlari, shifokorlar, umuman, barcha soha vakillari birdek yakdillikda kurashmoqda. Jumladan, Jizzax viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ham bu borada qator ishlar amalga oshirilayotir.
Har kuni erta tongdan yoʻl partul xizmati avtomashinalari dezinfeksiyadan oʻtkazilib, kunlik yoʻriqnomada xodimlarga tibbiy niqob va maxsus qoʻlqoplardan foydalanishning qoidalari tushuntirilib,muntazam tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda.

Jizzax viloyati hududidan oʻtuvchi Toshkent-Termiz M 39 avtomobil yoʻlining 939 kilometrida joylashgan “Manas 14” muntazam yoʻl patrul maskanida ham YPX xodimlari xizmat vazifalarini sidqidildan ado etmoqdalar. Haydovchilar va yoʻlovchilarga karantin vaqtida shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish birma-bir tushuntirilib, hozirga qadar 2 mingdan ortiq tibbiy niqoblar tarqatildi. Bundan tashqari har bir transport vositasi dezinfeksiyadan oʻtkazilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, ayni paytda viloyat, shaharlararo, shahar atrofi yoʻnalishida avtobus, mikroavtobus va yoʻnalishsiz taksilar faoliyati vaqtinchalik toʻxtatilgan. Jizzax shahri hududida yoʻlovchi tashuvchi avtobuslar qatnovi 60 foizga qisqartirilgan. Shuningdek, viloyatdagi yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi 128 ta avtotransport korxonasining53 tasida Jizzax viloyati sanitariya-epidimologiya nazorati boshqarmasi xodimlari tomonidan har 4 soatda dezinfeksiya ishlari bajarilmoqda.
