Ehtiyot bo‘ling, internet-tijoratida firibgarlar!
Bugun firibgarlar taniqli kompaniyalar internet-tijoratida brendlaridan foydalanishi kuzatilmoqda. Bu kompaniyalar va iste’molchilar uchun birmuncha muammoga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga «Kentucky Fried Chicken Holdings LLC» (AQSH)ning vakili ham shunday muammo bilan murojaat qilgan. Vakil internet orqali Toshkentda KFC mahsulotlariga buyurtma berish va yetkazib berish uchun noqonuniy saytlar ishlayotganini ma’lum qilgan. O‘rganishlar davomida Agentlik xodimlari noma’lum shaxslar aynan kompaniyaning rasmiy veb-saytiga o‘xshash tarzda yaratilgan, ammo unga hech qanday aloqasi bo‘lmagan norasmiy veb-sayt yaratilganligini aniqladi. Mazkur «sayt»lar xorijiy domenlarda ro‘yxatdan o‘tgani va aloqa ma’lumotlari mavjud emasligi sababli afsuski, ularning egalarini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.
Buyurtmalar kim tomonidan qabul qilinmoqda?
Buyurtma olish va uni yetkazib berish jarayoni quyidagi tarzda ishlab chiqilgan: iste’molchilardan buyurtmalar elektron shaklda qabul qilinadi, shundan so‘ng operator mijozga qayta qo‘ng‘iroq qilib, yetkazib berish manzili va taom buyurtmasini aniqlab oladi. Qiziqarli jihati shundaki, to‘lovlar faqat naqd pul shaklida qabul qilinadi va chek berilmaydi.Taqqoslab ko‘rilganda, noma’lum saytlardagi buyurtma narxlaridagi farq bir necha ming so‘mga qimmatroq bo‘ladi. Shaxsi noma’lum kishilar o‘zlarini rasmiy vakil sifatida ko‘rsatib, noqonuniy vositachilik xizmatlarini uyushtirganlar. Eng yomon tomoni, bunday xizmatlarda iste’molchilarga oziq-ovqat yetkazib berish yoki uni sifati bilan bog‘liq muammolar xavf tug‘dirganda bunday «xizmat ko‘rsatuvchi»larning javobgarligi yo‘q. «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda iste’molchilarning asosiy huquqlaridan biri sifatida tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish hamda tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishiga talab qo‘yishga haqli ekanligi belgilab berilgan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha vakolatli organ – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga xat yubordi. Natijada noqonuniy faoliyat yuritayotgan «sayt»lar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Shuningdek, ushbu agentlik tomonidan elektron tijorat sohasida iste’molchilar savodxonligini oshirishga qaratilgan materiallar tayyorlandi va bir qator eslatmalar ham ishlab chiqildi.
Hurmatli iste’molchilar! Internet orqali tovar, ish va xizmatlarga buyurtma berishda ehtiyot bo‘ling. Buyurtmani faqat rasmiy veb-saytlar yoki ilovalar orqali amalga oshiring. Agarda saytlarda yuridik shaxs, manzili, bog‘lanish telefon raqamlari haqida ma’lumotlar bo‘lmasa, shuningdek, to‘lovlarni faqat naqd pul ko‘rinishida to‘lash shartlari berilsa, bu noqonuniy holat hisoblanadi va mazkur saytlardan buyurtma berishda foydalanmaslik zarur bo‘ladi.
Maftuna KARIMOVA