Ehtiyojmand xotin-qizlar qo‘llab quvvatlanmoqda
Dilafro‘z Haydarova Navoiy viloyatining Konimex tumani Sho‘rtepa mahallasida istiqomat qiladi. U “Ayollar daftari” ro‘yxatida turib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlardan biri.
Dilafro‘z mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasi bilan imtiyozli kredit olib, dastlab 10 quti bilan asalarichilikni yo‘lga qo‘ygandi. Tadbirkor ayollarga berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan qahramonimiz asalarichilik yo‘nalishidagi loyihasini yanada kengaytirib, bugungi kunda qariyb 100 qutidan ziyod asalarini parvarishlamoqda.
Yana bir “Ayollar ro‘yxati”da turgan xotin-qizlardan biri Qiziltepa tumani O‘rtaqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Nilufar Quliyeva ham davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlardan foydalandi. Unga ham imtiyozli kredit ajratilgach, chorvachilik bilan shug‘ullana boshladi. Bugungi kunda har ikkala qahramonimiz ham qo‘shimcha daromad manbaiga ega.

Albatta, yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarning muammolarini hal etish hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda “Ayollar daftari” tuzilib, ish bilan ta’minlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish yo‘lga qo‘yildi. Turli darajadagi moddiy yordam ajratilib, ularning ijtimoiy ahvolini yaxshilash borasida chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Navoiy viloyatida “Ayollar daftari” tizimi asosida olib borilgan ishlar natijasida 2025 yilning 3 oyi davomida 30 ming 137 nafar xotin-qizning 7 ming 675 nafariga belgilangan tartibda ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi va ularning muammolari hal etildi.
Jumladan, birinchi toifadagi 1394 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan bo‘lsa, ikkinchi toifadagi 349 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 6 milliard 519 million so‘mlik kredit mablag‘i ajratildi.

Ijtimoiy daftar ro‘yxatiga kiritilgan boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand ayollarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1332 nafar xotin-qizning har biriga naqd pul ko‘rinishida bir martalik moddiy yordamlar ajratilib, bu maqsadlarga 904,6 million so‘m mablag‘ sarflandi. Shuningdek, 3606 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga ham ko‘mak ko‘rsatildi.
– O‘rganishlar davomida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan edim, – deydi Karmana tumani Yangiariq mahallasida yashovchi Ruxsat Nurullayeva. – Sog‘ligimni tiklashim uchun murojaat qilgandim, tegishli tartibda moddiy yordam ajratildi. Natijada jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, sog‘ligim yaxshilandi.
Albatta, bugungi kunda xotin-qizlarni qiynayotgan har bir muammoni hal etishda alohida yondashuv asosida ish olib borilyapti. Bunda 330 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan Ayollar maslahat kengashlari, “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tgan barcha mas’ul tashkilotlar rahbarlarining daftardagi ayollar bilan yuzma-yuz muloqot tashkil etilishi ijobiy natijalarni bermoqda.
Navbahor tumani Keskanterak mahallasida yashovchi 52 yoshli Gulshan Rahmonova ham ishsiz, uyi esa ta’mirtalab edi. “Ayollar daftari”ga kiritilgach, uning boshpanasi ta’mirdan chiqarildi.
– Qiynalib qolgan, yordamga muhtoj paytimda “Ayollar daftari” tomonidan ko‘mak berildi. Buning uchun mutasaddilarning barchasidan benihoya minnatdorman. Mazkur daftar men singari ko‘plab ayollar og‘irini yengil qilyapti, – deydi G. Rahmonova.
Birgina joriy yilning 1-choragida Gulshan Rahmonova singari 90 nafar uy-joyga muhtoj, boshpanasi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan ehtiyojmand xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, 904 nafar qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandlari mavjud ayollarga 1 milliard 784,2 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratilgan bo‘lsa, 1874 nafar xotin-qiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Albatta, bu kabi amaliy ishlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash tizimining aniq belgilab olinganidan darak. Ayni paytda ayollarimizning muammolarini bartaraf etish va bandligini ta’minlash borasidagi ishlar davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri