Ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatildi
Yurtimizda hamisha o‘zaro mehr-oqibat, saxovat, azaliy qadriyatlarimizni e’zozlash kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar ulug‘lanib kelingan. Ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshi ulug‘ insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda ham bu kabi ezgu ishlar davom etmoqda.
Yurtboshimizning 2023 yil 27 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” degan bosh g‘oya asosida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘iz keksalar, ehtiyojmand, kam ta’minlangan nogironligi bo‘lgan oilalar holidan xabar olindi.

Jumladan, Navoiy shahar “Binokor”, “Tinchlik”, “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi davlat tomonidan imtiyozli berilgan uylarda yashovchi nogironligi bo‘lgan 80 nafar oilaga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bayram tuhfasi sifatida oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
– “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan bu kabi xayrli tadbirlar muntazam amalga oshirib kelinadi, – deydi fondning viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Jonibek Qodirov. – Maqsadimiz aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularning holidan xabar olish, ularga yordam ko‘rsatishdan iborat.

Viloyat bo‘ylab bayram tadbirlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA