Ehtiyojmand oilalarga ehsonlar tarqatildi
Andijon shahridagi ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, arafalik ehsonlari tarqatildi.
Andijon shahridagi ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, arafalik ehsonlari tarqatildi.
Prezidentimizning joriy yil 24-iyuldagi “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Qurbon hayiti bayramini yuqori koʻtarinkilik bilan oʻtkazish maqsadida “Saxovat va koʻmak” harakati doirasida Andijon shahridagi 2 ming 800 ta ehtiyojmand oilaga jonliq soʻyilib, arafalik ehsonlari tarqatildi.
Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov rahbarligida bir guruh mutasaddilar qator xonadonlarda boʻlib, ularning holidan xabar oldi. Koʻplab oilalarga bayram sovgʻalari, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Bu eʼtibordan koʻplab yurtdoshlarimizning koʻngli togʻday koʻtarildi.
– Pandemiya tufayli turmushda ancha qiynalib qoldik, – deydi Andijon shahridagi “Andijon” mahallasida yashovchi Dildoraxon Karimjonova. – Shukr, mana shunday sharoitda davlatimiz bizni oʻz holimizga tashlab qoʻygani yoʻq. Bir necha bor “Saxovat va koʻmak” markazidan yordam oldik. Mana Kurbon hayiti arafasida shahar hokimi shaxsan oʻzi xonadonimizga yoʻqlab keldi. Bundan juda xursand boʻldik.
Qurbon hayiti munosabati bilan xayru saxovat, mehr-oqibat, insonparvarlikni mujassam etgan bu kabi xayrli tadbirlar Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida boʻlib oʻtmoqda.