Ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 30 yillik shodiyonalari butun mamlakatimiz bo‘ylab har bir shahar, tuman, qishloq, mahalla, qo‘yingki har bir xonadonda keng nishonlanmoqda.
Ana shunday dorulomon kunlarda betob bo‘lib yotib qolgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj, yakka-yolg‘iz qariyalar, ehtiyojmand, oilasida nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan, yetim-yesirlarning holidan xabar olish, ozgina bo‘lsada ularga bayramona kayfiyat ulashish kabi savobli amallar Jizzax viloyatida bugun ham davom ettirildi. Ulug‘ ayyom kunlari “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan bir qator xayriya ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Zomin tumani hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi mutasaddilari hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olish, joylardagi kam ta’minlangan va nogironligi bor oilalar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj yakka-yolg‘iz qariyalar, ehtiyojmand, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan jami 105 oilaga kirib ularning holidan xabar oldi. Bu oilalarga ko‘maklashish maqsadida – tuman hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Tumandagi bir qator mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ana shunday oilalarga ham mazkur ko‘mak orqali bayram shukuhi kirib bordi. Zotan, bir g‘arib ko‘nglini olmoq, bir ehtiyojmand xonadon holini so‘rab, ko‘nglini ko‘tarmoq ham ushbu qutlug‘ kunlarda ham savobli, ham insoniylikning oliy namunasidir.
Bunday xayr-saxovat ishlari Jizzax viloyatining boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA