Ehtiyojmand ayollarga tikuv mashinasi berildi
Andijon viloyati Buloqboshi tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarda yashayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etish, ayniqsa, bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Tumandagi 37 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 3 ming 150 nafar ayol “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida ularning 2 ming 240 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz 726 nafar ayolning bandligi ta’minlandi. Shundan 135 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 146 nafari jamoat ishlariga jalb etildi, 185 nafari esa kasb-hunarga o‘qitildi. Tumanda tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 262 nafar ehtiyojmand xotin-qizga Xalq banki, Agrobank, Mikrokreditbank hududiy filiallari tomonidan kreditlar ajratildi. Shuningdek, 21 nafar xotin-qizga subsidiya asosida tikuv mashinalari berildi.
Ayni kunda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Tuman hokimi O‘tkirbek Ma’murov sektor rahbarlari ishtirokida hokim yordamchilari tavsiyasi asosida subsidiya ajratilgan "Ayollar daftari"da turuvchi navbatdagi 10 nafar ayolga tikuv mashinalari topshirildi.
[gallery-8759]
– Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, turmush sharoitini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Xolisxon Xolmatova. – Tumanimizda ham bu boradagi ishlar izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda. Natijada ko‘plab opa-singillarimizning bandligi ta’minlanmoqda, ularning doimiy daromad manbai shakllantirilmoqda.
Tumanda ko‘rsatilayotgan e’tibor va berilayotgan keng imkoniyatlar natijasida subsidiya hisobiga tikuv mashinalari olib, o‘z xonadonida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayollar safi tobora ortmoqda. Umuman, tumanda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ayniqsa, “Ayollar daftari”da turuvchi ehtiyojmand ayollarning doimiy daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha yuqoridagi kabi ishlar izchil davom etmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA.