Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoniga muvofiq, Kadastr agentligi, Bosh prokuratura hamda “O‘zbekkosmos” agentligi hamkorligida “E-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilgan edi.
Kadastr agentligida bo‘lib o‘tgan tadbirda qayd etilishicha, mazkur tizim O‘zbekistonda yer nazorati tadbirlarini raqamlashtirishdagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Bu tizim orqali ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash va yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan nazorat amalga oshiriladi.
“E-YER NAZORAT” AAT yaratilishi natijasida yer va kadastr nazorati sohasida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va qurilish ishlarini amalga oshirishda huquqbuzarliklarni aniqlashdan bartaraf etilgunga qadar samarali davlat nazorati o‘rnatilishiga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan integratsiya qilingan Ichki ishlar vazirligining “E-ma’muriy ish” axborot tizimi o‘rtasida ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
E’tiborlisi, “E-YER NAZORAT” AAT dasturi joriy qilinishi natijasida ortiqcha qog‘ozbozlik va huquqbuzarlikni bartaraf etishda muddatlar qisqarishi va hujjat almashish samaradorligiga erishildi.
Shuningdek, Kadastr agentligi organlariga taalluqli bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani Ichki ishlar vazirligining “E-ma’muriy ish” tizimi bilan to‘liq integratsiya qilingan “E-YER NAZORAT” AATning mobil dasturi orqali elektron hujjat shaklida tuzish imkoniyati yaratildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan integratsiya qilingan holda kosmik suratlarni qayta ishlash orqali o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini hamda noqonuniy bino va inshootlarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Tadbirda qayd etilishicha, Kadastr agentligi “Kartografiya” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi va “Geoinnovatsiya markazi” davlat unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan maktab va maktabgacha ta’lim uchun interaktiv so‘zlovchi xarita ishlab chiqilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bunday loyiha yurtimizda ilk marta qo‘llanilmoqda. Tinglovchilar bu xaritalarni eshitish orqali tez va oson o‘rganib olishlari mumkin. Xarita 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan.
Nafaqat bolajonlar, balki yoshi katta insonlarni ham o‘ziga jalb qila oladigan bu xaritadan foydalanish davomida O‘zbekistonning barcha viloyatlari haqida umumiy ma’lumotni olish mumkin. Bundan tashqari, xaritadan yurtimiz madhiyasi, qaysi xalqaro tashkilotlarga a’zoligi haqida ham ma’lumotlar o‘rin olgan. Hozircha faqat o‘zbek tilida so‘zlovchi xarita, keyinchalik takomillashtirilib rus, ingliz va boshqa tillarda ham ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Kelgusida bunday mahsulotlar sonini kengaytirib, Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish rejasi bor. Ilmiy ishlanmalar yoshlarimizning kreativ fikrlay olishi va geografik bilimlarini mustahkamlashga imkoniyat yaratadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA