"E-TechExpo 2026": mahalliy işlab çiqaruvçilarning xalqaro bozorga çiqiş imkoniyatlari kengaymoqda
Bugun Toşkent şahridagi “Özekspomarkaz” markaziy körgazmalar majmuasida elektronika, elektrotexnika va innovatsion texnologiyalar sohasiga bağişlangan 5-yubiley xalqaro "E-TechExpo 2026" körgazmasi öz işini boşladi.
"Özeltexsanoat" uyuşmasi kömagida taşkil etilgan xalqaro körgazmada 30 ta mamlakat vakillari, 50 nafar xorijiy iştirokçi hamda uyuşmaning milliy ekspozitsiyasi doirasida 100 ta mahalliy kompaniya va brend öz mahsulotlari, işlanmalari va işlab çiqariş imkoniyatlarini namoyiş etmoqda.
Tadbirning rasmiy oçiliş marosimida qayd etilganidek, körgazma Özbekiston elektrotexnika sanoatining işlab çiqariş va eksport imkoniyatlarini xalqaro auditoriyaga tanitiş, mahalliy korxonalarning taşqi bozorlardagi iştirokini kengaytiriş hamda xorijiy şeriklar bilan istiqbolli loyihalarni yölga qöyişda muhim ahamiyat kasb etadi.
"Özeltexsanoat" uyuşmasi Axborot xizmati rahbari Namoz Tolipovning taʼkidlaşiça, körgazma mahalliy va xalqaro işbilarmon doiralar, işlab çiqaruvçilar, distribyutorlar hamda soha mutaxassislari örtasida tajriba almaşiş va yangi biznes aloqalarini yölga qöyiş uçun keng imkoniyat yaratadi.

– "E-TechExpo 2026" ekspozitsiyasidan elektrotexnika sanoatining kabel-sim mahsulotlari, elektr uskunalari, transformatorlar, maişiy texnika, elektron komponentlar, avtomatlaştiriş tizimlari, robototexnika va raqamli texnologiyalar kabi muhim yönalişlari örin olgan.
Mahalliy işlab çiqaruvçilar öz mahsulotlari, zamonaviy işlanmalari va texnologik imkoniyatlarini xalqaro auditoriyaga taqdim etmoqda. Bu esa ularga yangi xaridorlar va distribyutorlar bilan muzokaralar olib boriş, eksport geografiyasini kengaytiriş hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantiriş uçun qöşimça imkoniyatlar yaratadi.
Bugungi kunda elektrotexnika sanoati energetika, quriliş, transport, telekommunikatsiya, sanoatni avtomatlaştiriş va raqamli iqtisodiyot kabi sohalar taraqqiyotida muhim örin tutadi. Şu bois mazkur körgazma nafaqat işlab çiqaruvçilar mahsulotlari namoyişi, balki zamonaviy texnologik yeçimlar va sanoat ehtiyojlari yuzasidan fikr almaşiş maydoni hamdir, – dedi N.Tolipov.
Körgazmaning yana bir muhim yönalişi esa mahalliy va xorijiy işlab çiqaruvçilar örtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantiriş, texnologiyalar transferini rağbatlantiriş va yangi investitsiyaviy loyihalarni şakllantiriş.

"O‘zelektroapparat-Electroshield" kompaniyalar guruhi vakili Abdulazizxon Kamolov korxonaning köp yillik tajribasi, işlab çiqariş imkoniyatlari va mahsulotlari haqida maʼlumot berdi.
– "O‘zelektroapparat-Electroshield" kompaniyalar guruhi Özbekiston elektrotexnika sanoatining yetakçi korxonalaridan biri bölib, öz faoliyatini 1941-yilda boşlagan. Uzoq yillik tarixga ega korxonamiz mamlakatimiz energetika infratuzilmasini rivojlantirişga munosib hissa qöşib kelmoqda.
Bugungi kunda UZEA zamonaviy işlab çiqariş quvvatlari, ilğor texnologiyalar va elektrotexnika mahsulotlarining keng turlariga ega. Biz loyihalaştirişdan tortib, uskunalarni işlab çiqariş, örnatiş, işga tuşiriş hamda ularga texnik xizmat körsatişgaça bölgan kompleks yeçimlarni taklif etamiz.
Mahsulotlarimiz nafaqat Özbekistonda, balki xorijiy davlatlarda ham öz xaridorlariga ega. Maqsadimiz esa işonçli elektr taʼminotini taʼminlaş, innovatsion texnologiyalarni joriy etiş va mamlakatimiz energetika sohasining kelgusi taraqqiyotiga munosib hissa qöşiş, – dedi A.Kamolov.

Körgazma doirasida mahalliy va xorijiy kompaniyalar örtasida B2B uçraşuvlar hamda biznes muzokaralari ham ötkazilmoqda. Ularda işlab çiqariş kooperatsiyasi, yangi hamkorlik loyihalari, texnologiyalar transferi va eksport salohiyatini kengaytiriş masalalariga alohida urğu berilmoqda.
Uç kun davom etadigan "E-TechExpo 2026" körgazmasi Özbekiston elektrotexnika sanoatining xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlaş, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoşligini oşiriş hamda tarmoqqa yangi investitsiyalarni jalb etişda muhim örin tutadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
ÖzA