Dzyudochimiz Muzaffarbek To‘raboyev Lozannada e’tirof etildi
Shveysariyaning Lozanna shahrida joylashgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi shtab-kvartirasida jahon chempionlari, olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mahoratli dzyudochimiz Muzaffarbek To‘raboyev faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.
Dzyudo bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibligiga erishib, vatanimiz sharafini xalqaro maydonda ulug‘lagan sportchimiz jahon sport yulduzlari qatorida Lozannadagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyining faxriy mehmonlar uchun ajratilgan maxsus devoriga o‘z dastxatini muhrladi.
Olimpiya harakati rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan taniqli sportchilar qatorida M.To‘raboyev katta sportdagi yutuqlari uchun Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan maxsus sertifikat hamda diplom bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida iste’dodli sportchimiz Muzaffarbek To‘raboyev jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

—Dzyudo bilan shug‘ullanish men uchun shunchaki mashg‘ulot emas, balki hayotim, mehnatim va katta maqsadlarim yo‘lidagi harakatim manbasi hisoblanadi. Lozannadagi xalqaro ahamiyatga ega tadbirga taklif etilganimdan xursandman. Tadbir doirasida Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari, taniqli sportchilar bilan uchrashdim. Ular bilan suhbatlashdim. O‘zbekiston sportida ro‘y berayotgan katta o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdim. Har bir uchrashuv yangi tajriba, har bir muloqot yangi ruhiy quvvat bo‘lganidan xursandman. Istagim, kelajakda nufuzli musobaqalarda munosib natijalarga erishish orqali O‘zbekiston bayrog‘ini yanada yuksaltirish. Professional sport faoliyatimda yangi yutuqlarga erishish, — deya fikr bildirgan M.To‘raboyev
Ma’lumot uchun, bugungacha Lozannadagi muzeyning maxsus kitoblari, faxriy mehmonlar uchun belgilangan hurmat devoriga yuzlab taniqli sportchilar o‘z dastxatini qoldirgan bo‘lsa, Muzaffarbek To‘raboyev o‘zbek sportchilari orasida bunday sharafga erishgan birinchi sportchi nomini oldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA