Dzyudochilarimiz Yevropa chempionlar ligasida qatnashadi
Ertaga, 22 noyabr kuni Serbiya poytaxti Belgrad shahrida dzyudo bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tadigan “Champions League 2025” turnirida O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar a’zosi ishtirok etadi.
Bugun, 21 noyabr kuni Yevropa chempionlar ligasi nomi bilan mashhur bo‘lgan mazkur turnirda ishtirok etayotgan jamoalar uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Jahon dzyudosining yetakchi vakillari qatnashadigan mazkur turnirda Qozog‘istonning "Jenis" klubi tarkibida uch nafar dzyudochimiz: Shahzodxo‘ja Sharipov, Shahram Ahadov va "Parij-2024" Olimpiadasi sovrindori Muzaffarbek To‘raboyev g‘oliblik uchun kurash olib borsa, "Parij-2024" Olimpiadasi sovrindori Alisher Yusupov Fransiyaning "Pari-Sen-Jermen" klubi safida bellashuvlarda ishtirok etadi.
Mazkur nufuzli musobaqada qatnashadigan yurtimiz dzyudochilari bugun Belgradga yetib bordi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA