Dzyudochilarimiz Vengriyada
Ertaga Vengriya poytaxti Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi navbatdagi nufuzli musobaqa boshlanadi.
Bugun, 10-sentabr kuni 70 ta davlatning 531 nafar dzyudochilari ishtirokida o‘tadigan nufuzli “Hungary Grand Slam-2026” turniri oldidan mandat komissiyasining yig‘ilishi, vazn toifalari bo‘yicha qur’a tashlash marosimlari bo‘lib o‘tadi.

Sportchilarga sovrinli o‘rinlar qatori, muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan Vengriya bellashuvlarida mezbonlarning 38 nafar, Fransiya terma jamoasining 22, Isroil jamoasining 19, Ozarbayjonning 18, shuningdek, Niderlandiya, Germaniya, Braziliya va Ukrainaning 17 nafar dzyudochisi qatnashish talabnomalarini taqdim etgan.
Mazkur nufuzli musobaqada Iskandar Rasulov va Aziz Toshmatov murabbiyligidagi 6 nafar dzyudochimiz sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.

Xususan, terma jamoamiz a’zolari Doston Ro‘ziyev(-60), Elbek Tojiyev-(73), Murodjon Yo‘ldoshev (81), Sevinch Murodova(-48), Muhayyo Axmatova(-52), Marjona Ko‘chimova(-78) o‘z vazn toifalarida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Turnir dasturiga muvofiq birinchi kungi bellashuvlarda erkaklar -60 va -66 kilogrammda, dzyudochi qizlar esa -48, -52 va -57 kilo og‘irlikdagi bellashuvlarda ishtirok etadi.
“Hungary Grand Slam-2026” turniri 13-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA