Dzyudo: terma jamoada germaniyalik mutaxassis ish boshladi
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mamlakatimiz dzyudochilarining xalqaro maydondagi natijalarini yanada yaxshilash maqsadida germaniyalik mutaxassis Marko Shpitka bilan shartnoma imzoladi.
Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov ishtirok etdi.
Aytish joiz, 1971 yili Germaniyada tavallud topgan Marko Shpitka sportdagi faoliyati mobaynida Yevropa chempionligiga erishgan, jahon chempionati (1997) hamda Atlantada o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida bronza medalini qo‘lga kirtigan. Murabbiylik faoliyati davomida Avstriya terma jamoasi bilan katta yutuqlarga erishdi. Dzyudo bo‘yicha 5-Dan qora belbog‘ sohibi.
Germaniyalik trener o‘tgan yili dekabr oyida Toshkentda o‘tgan kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida baxslarni bevosita kuzatib borib, terma jamoaga nomzod sportchilar bilan yaqindan tanishgan.
Dzyudo federatsiyasi mutaxassislarining fikricha, Marko Shpitka kabi mahoratli murabbiylarning terma jamoamizda faoliyat boshlashi davlatimiz rahbarining “2024 yil Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida” Qarorida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi axborotida aytilishicha, ayni paytda mamlakat dzyudochilarining bosh murabbiyi Ilias Iliadis o‘z vazifasida ishni davom ettiradi. Marko Shpitka esa O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar tarkibida Kamol Murodov, Nurali Qobulov, Jamshid Xudoyberganov, Nellya Kiyamova, Rafgat Izmaylov, Iskandar Rasulov, Qahramon Nurillayevlar bilan hamkorlikda belgilangan rejalarni muvofiqlashtirgan holda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida sportchilarning texnik-taktik mahoratini oshirishda bevosita ishtirok etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA