Dzyudo: Qarshida O‘zbekiston kubogi o‘tkazilmoqda
Qarshi shahridagi «Geolog» sport majmuasida dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqalari boshlandi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan kelgan 600dan ziyod mahoratli sportchi ishtirok etmoqda.
Mamlakat kubogining ochilish marosimida ishtirok etgan Qashqadaryo viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i Vahob Ro‘ziyev, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi o‘rinbosari Zafar Qahramonov va boshqalar yurtimizda dzyudo sportining rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganligi natijasida xalqaro maydonda o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda munosib yutuqlar qo‘lga kiritilayotganini e’tirof etishdi. Mazkur musobaqalar vatanimiz sport shuhratini ulug‘laydigan sportchilarning yangi avlodini kamolga yetkazishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.


O‘zbekiston kubogining ilk kungi bellashuvlarida Bahrom Botirov, Shohjahon Davlatov, Bahrom Asadov, Farid Amrullayev, Dilshod Hamroyev, Mirzohid Abdurahmatov, Otabek Otanazarov, Olloyor Fayziyev sovrinli o‘rinlarga egalik qilishdi.
Musobaqalar 30 mayga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA