Dzyudo: Qaror ijrosi muhokama qilindi
Mamlakatimiz sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish maqsadida bir qator sport turlari, xususan dzyudo bo‘yicha davlat ahamiyatiga molik qaror qabul qilingan. Maxsus dasturlar, "yo‘l xarita"lari ishlab chiqilgan.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror olimpiya sport turining ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralash tizimini takomillashtirish, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishiga shart-sharoit yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Qarorga binoan yurtimizning bir qator maskanlarida tizimli tarzda dzyudo zalllari barpo etilib, minglab yoshlar “Bolalar uchun dzyudo”, “Maktabgacha dzyudo” loyihalari tegrasida qamrab olinmoqda.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan “Bolalar uchun dzyudo”, “Maktabgacha dzyudo” loyihalarining ijrosini ta’minlash maqsadida bolalarni mashg‘ulotlarga keng jalb qilish va ular o‘rtasida “Ta’lim vaziri kubogi”ni o‘tkazish yuzasidan qilinayotgan ishlar sarhisob qilindi.
Mavjud muammo va kamchilik tahlil etilib, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA