DXX kubogida futbol bo‘yicha chorak final ishtirokchilari aniqlandi
DXX kubogi doirasidagi bellashuvlarda yosh futbolchilarning mahorati, jamoaviy o‘yin va g‘alabaga bo‘lgan intilishi namoyon bo‘lmoqda. Endi esa musobaqaning hal qiluvchi pallasida eng kuchli jamoalar aniqlanadi.
Poytaxtimizda o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kubogining futbol bo‘yicha hal qiluvchi bosqichida guruh bahslari yakunlanib, chorak finalga yo‘l olgan jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi.
Musobaqa uchinchi turining “A” guruhida Toshkent viloyati 2:0 hisobida Farg‘ona viloyatini mag‘lub etgan bo‘lsa, Toshkent shahri jamoasi 3:0 hisobida Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasini dog‘da qoldirdi. Shu tariqa, Toshkent shahri 9 ochko bilan guruhda birinchi, Toshkent viloyati esa 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Farg‘ona viloyati 3 ochko bilan uchinchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ochkosiz to‘rtinchi bo‘ldi.
“B” guruhida Sirdaryo viloyati jamoasi Samarqand viloyatini 3:0 hisobida mag‘lub etib, 6 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Namangan viloyati 3 ochko bilan ikkinchi, Samarqand viloyati ochkosiz uchinchi bo‘ldi. “C” guruhida Andijon viloyati sharafini himoya qilayotgan futbolchilar Surxondaryo viloyati jamoasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada Qashqadaryo viloyati 6 ochko bilan guruh peshqadami bo‘lgan bo‘lsa, Andijon viloyati 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Surxondaryo viloyati esa ochko jamg‘ara olmadi.

“D” guruhida Xorazm viloyati 5:3 hisobida Jizzax viloyatini yengdi. Navoiy viloyati va Buxoro viloyati o‘rtasidagi uchrashuvda esa buxoroliklar 4:2 hisobida ustun keldi. Shu tariqa Buxoro viloyati 9 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Xorazm va Navoiy viloyatlari 4 ochkodan jamg‘argan bo‘lsa-da, Xorazm viloyati ikkinchi, Navoiy viloyati uchinchi o‘rindan joy oldi. Jizzax viloyati ochkosiz qoldi.
Endi musobaqaning chorak finalida Toshkent shahri – Namangan viloyati, Andijon viloyati – Buxoro viloyati, Qashqadaryo viloyati – Xorazm viloyati va Toshkent viloyati – Sirdaryo viloyati o‘zaro to‘qnash keladi.
Ushbu uchrashuvda g‘olib bo‘lgan jamoalar 21-avgust kuni yarim finalda raqobatlashadi. Musobaqaning final va 3-o‘rin uchun bahslari 22-avgust kuni o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA