DXX kubogi sohiblari aniqlandi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida mini-futbol va futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalarining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu musobaqaning saralash bosqichlarida tumandagi 39 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 16–30 yosh toifasidagi yoshlar jamoalari ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, mini-futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqada “Yangiobod” mahallasi jamoasi, qizlar o‘rtasida esa “Bekat” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi final o‘yinida “Bunyodkor” va “Sarmich” mahallalari jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. G‘alaba uchun har ikki jamoa qattiq kurash olib bordi. Yakunda “Sarmich” jamoasi ustun kelib, 2025 yilgi DXX kubogining tuman bosqichi g‘olibi bo‘ldi.

G‘olib va sovrindor jamoalarni taqdirlash marosimida Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘ralova, Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi mas’ullari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda sport ishqibozlari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida g‘oliblarga maxsus kubok, diplom va medallar, shuningdek, esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari