DXX kubogi iqtidorlarni yuzaga chiqardi
Sirdaryo viloyatida yoshlar sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda iqtidorli futbolchilarni kashf etishga qaratilgan yirik sport tadbirlaridan biri — Davlat xavfsizlik xizmati kubogining tuman va shahar bosqichlari yuqori kayfiyat va katta qiziqish bilan o‘tkazilmoqda.
Ushbu sport musobaqasiga start berish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamda DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i Odil Sherqulov ishtirok etib, musobaqaning yoshlar hayotidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. Ular bu kabi musobaqalar nafaqat sport bellashuvi, balki yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik, sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash va, eng muhimi, yangi iqtidorlarni yuzaga chiqarishda muhim platforma ekanini qayd etdi.
Musobaqa doirasida tuman va shahar bosqichlari qizg‘in, murosasiz va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Viloyat bo‘yicha 8 mingga yaqin futbol va mini-futbolga qiziquvchi yoshlar o‘z mahalla va tumanlari sharafini himoya qilish uchun maydonga chiqdi. Ular nafaqat g‘alaba uchun, balki o‘z iqtidorini namoyon etish uchun ham bor kuchini ishga soldi.
Guliston tumanida o‘tkazilgan bellashuvlarda futbol bo‘yicha Sohilobod mahallasi jamoasi, mini-futbolda esa Ibrat mahallasi o‘g‘il bolalari, shuningdek, qizlar o‘rtasida Mustaqillik mahallasi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
[gallery-29684]
Oqoltin tumanida futbol bo‘yicha Yangi davr mahallasi, mini-futbolda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Andijon mahallasi, qizlar jamoalari o‘rtasida ham Andijon mahallasi sportchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Xovos tumanida esa futbol bo‘yicha Qahramon mahallasi, mini-futbolda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Istiqlol, qizlar o‘rtasida Chamanzor mahallalari jamoalari yuqori natija ko‘rsatib, g‘olib bo‘lishdi.
Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan qizg‘in bahslarda futbol bo‘yicha Navbahor, mini-futbolda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Do‘stlik, qizlar o‘rtasida esa Taraqqiyot mahallalari jamoalari birinchi o‘rinni egalladi.
– Bu yilgi musobaqalar qamrovi yanada kengayib, o‘tgan yilgiga nisbatan ikki barobar ko‘proq yoshlarni — 8 ming nafardan ortiq sportsevarni qamrab oldi. Bu esa Sirdaryoda futbol va mini-futbolga qiziqish tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Eng asosiysi, musobaqalar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarning jismoniy faolligini oshirish va iqtidorlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Muhimi, yoshlar o‘rtasida do‘stlik va birdamlik ruhi yanada kuchaymoqda, – deydi Sirdaryo viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov.
Musobaqaning yana bir jihatlaridan biri g‘olib jamoalarga viloyat bosqichida ishtirok etish imkoniyati berilishidir. Keyingi bosqichda g‘olib bo‘lgan jamoalar respublika miqyosida Sirdaryo sharafini himoya qiladi.
E’tiborlisi, o‘tgan yilgi musobaqada Yangiyer shahrining Jomiy mahallasi jamoasi respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan edi. Shu muvaffaqiyat evaziga ularning mahallasida mini-futbol stadioni barpo etilgani bu yilgi ishtirokchilar uchun qo‘shimcha rag‘bat va ilhom manbaiga aylandi.
Bugungi musobaqalar ana shu kabi yutuqlar, real natijalar va imkoniyatlar bilan yoshlarni yanada faol bo‘lishga undamoqda. DXX kubogi Sirdaryoda iqtidorlarni kashf etish, sport madaniyatini yuksaltirish va sog‘lom avlodni tarbiyalashda muhim maydonga aylanib bormoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri