Toshkent viloyatida mahalla yoshlari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “DXX kubogi” futbol musobaqasining final bosqichida Bekobod tumanining “Yangiovul” jamoasi va O‘rta Chirchiq tumanining “Jang‘abay” jamoasi o‘zaro bellashdi. Olmaliq shahrining OKMK stadionida bo‘lib o‘tgan final bahsi keskin kurashlar ostida o‘tdi.
Aytish mumkinki, futbol uchrashuvi yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, unda muxlislar mashhur sport sharhlovchilari va estrada yulduzlarining ham chiqishlariga guvoh bo‘ldi. Dastlab mas’ul tashkilotlar rahbarlari so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan joylarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.

Ayniqsa, oxirgi yillar mahallalarda yoshlarning futbol bo‘yicha “DXX kubogi” musobaqasiga qiziqish ortib borayotgani alohida e’tirof qilindi. Rahbarlar mazkur musobaqa finaliga chiqqan jamoalarga omad tiladi.
Shundan so‘ng yashil maydonda o‘yin murosasiz tarzda o‘tdi. Yakunda “Yangiovul” jamoasi o‘z raqibini 1:0 hisobida mag‘lub etib, “DXX kubogi” viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldi. G‘olib jamoa endi respublika bosqichida Toshkent viloyati sharafini himoya qiladi.

Musobaqa yakunida g‘oliblarga kubok, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shu bilan birga, “Eng yaxshi o‘yinchi”, “Eng yaxshi darvozabon” kabi nominatsiyalar bo‘yicha futbolchilar rag‘batlantirildi.

A.Musayev, O‘zA.