DXX chegara qo‘shinlari – sarhadlarimiz daxlsizligi kafolati
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisidagi farmon, shuningdek, kuni kecha Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan murojaatnomasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligida ham sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli va mustahkam qoʻriqlash borasida qoʻyilgan vazifalar ijrosi yuzasidan Yoʻl xaritalari ishlab chiqilib, ularning ijrosi samarali taʼminlanmoqda.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, bugun milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning chin maʼnodagi mustahkam qalqoniga aylandi. Sohaga qaratilayotgan diqqat-eʼtibor natijasida, Chegara qoʻshinlarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanib, strategik fikrlaydigan, intellektual salohiyatli ofitser kadrlar va serjantlar tarkibini tayyorlash jarayoni yangicha oʻquv-texnik va maʼnaviy-axloqiy asosda tashkil etilmoqda.
Davlat chegaralarini qoʻriqlash yoʻnalishida olib borilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida, bugungi kunda yurtimizning olis va harakatlanish murakkab boʻlgan chegara hududlarini ishonchli qoʻriqlash maqsadida, ushbu sohalar zamonaviy turdagi texnik qoʻriqlash vositalari bilan jihozlanib, uchuvchisiz uchish apparatlari imkoniyatlaridan keng foydalanish joriy etilmoqda.
Shuningdek, qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro samimiy va doʻstona munosabatlar yoʻlga qoʻyilishi hamda oqilona chegara siyosati olib borilishi natijasida Hukumatlararo komissiya vakillarining saʼy-harakatlari bilan Davlat chegarasining delimitatsiyasi va demarkatsiyasi, yaʼni aniq oʻtgan joyini belgilash ishlari jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda, bu esa oʻz navbatida, Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish samaradorligini yanada oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Xususan, 2022-yil yakunida davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarning imzolanishi va ularning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Darhaqiqat, ushbu muhim qaror ikki davlat Davlat rahbarlarining siyosiy irodasini ifoda etish bilan birga, ikki qardosh xalq oʻrtasidagi hurmat va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini ham mustahkamlab, 30 yildan beri hal boʻlmayotgan masalalar kelishilishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi, chegara chizigʻini delimitatsiya qilishni yakuniga yetkazishi bilan birga, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlab, hech qanday kelishmovchilikka oʻrin qoldirmay, har ikki davlat chegara organlari vakillarining xizmat faoliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi, shubhasiz.
Xalqaro hamkorlik haqidagi fikrlarimizni davom ettirar ekanmiz, Oʻzbekiston MDH davlatlarining Chegara qoʻshinlari qoʻmondonlari Kengashi aʼzosi sanalib, uning yigʻilishlari davomida aʼzo mamlakatlarining davlat mustaqilligi va chegaralari daxlsizligini taʼminlash boʻyicha ham qator hamkorlik shartnomalari imzolanmoqda.
Shuningdek, Toshkentda SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ham faoliyat yuritadi. Ushbu organda aʼzo davlatlar huquq-tartibot organlari va maxsus xizmatlarining, shu jumladan, chegara qoʻriqlovini amalga oshiruvchi masʼul organlarning kengashi ham faoliyat olib boradi. Chegara qoʻshinlari uning toʻlaqonli va teng huquqli vakili sifatida ishtirok etib kelmoqda.

Ushbu ikki organ miqyosida oʻtkazilayotgan amaliy oʻquvlarda ham Chegara qoʻshinlari boʻlinmalari faol qatnashmoqda, jumladan, 2022-yilda SHHT doirasida «Granitsa drujbы-2022» maxsus chegara operatsiyasida ishtirok etildi, MDH Chegara qoʻshinlari qoʻmondonlari Kengashi doirasida esa Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiya chegara boʻlinmalari ishtirokida “Sarhad-2022” hamkorlikdagi maxsus chegara operatsiyasi DXX Chegara qoʻshinlari rahbarligida oʻtkazildi.
Davlat chegaralari qoʻriqlovining samarali tashkil etilishi natijasida, Davlat chegarasini buzilishi holatlari oʻtgan davrlarga nisbatan 26 foizga kamayishiga, tovar-moddiy boyliklarini noqonuniy olib kirilishining oldini olish holatlari 34 foizga, qiymati esa 45 foizga koʻpayib, jami 230 milliard soʻmdan ortiq tovarlarning noqonuniy aylanmasi oldi olinishiga erishildi.
Mamlakatimiz tinchligi, xalq fa¬rovonligini taʼminlayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalash borasida Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni boshchiligida Xizmat rahbariyati, Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda joylardagi harbiy-maʼmuriy sektorlar hamkorligida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar natijasida, bugun harbiy qism va boʻlinmalarda zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi namunaviy loyihadagi Chegarani qoʻriqlash vzvodlarini barpo etish, shuningdek, mavjudlarini mukammal taʼmirlash ishlari jadal surʼatlarda davom etmoqda.
Yurt himoyachilari uchun munosib xizmat va turmush sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar koʻlamini raqamlarda ifodalaydigan boʻlsak, soʻnggi uch yil davomida zamonaviy turdagi 11 ta chegarani qoʻriqlash vzvodlari namunaviy loyiha asosida qurildi, 2 880 ta xizmat xonadonlari qurilib, foydalanishga topshirildi,
60 ta boʻlinmaning bino va inshootlari kapital taʼmirlandi.
Tuman markazlaridan olisda joylashgan chegarani qoʻriqlash vzvodlarda 33 ta maktabgacha taʼlim muassasalarining qisqa muddatli guruhlari tashkil etildi va 85 nafar harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlari ushbu guruhlarga ishga qabul qilinib, ularda 533 nafar harbiy xizmatchilar hamda 127 nafar mahalliy aholining farzandlari jami 660 nafar ertamiz egalari tarbiyalanmoqda.
Olis hududlarda joylashgan harbiy shaharchalarda istiqomat qiladigan harbiy xizmatchilarning farzandlarini maktab va maktabgacha taʼlim muassasalariga qatnashlari uchun 30 ta maktab avtobuslari xarid qilindi. Boʻlinmalarda tashkil etilgan 28 ta kichik tikuv sexlarida 97 nafar harbiy xizmatchining turmush oʻrtogʻi ish bilan taʼminlandi.

Xulosa oʻrnida qayd etish lozimki, inson qadri ulugʻlanayotgan, barcha islohotlar uning erkin, farovon va baxtli hayot kechirishi uchun xizmat qilayotgan Yangi Oʻzbekistonda harbiy sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida yurt himoyachilari va ularning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash
va yangi uy-joylar bilan taʼminlash masalasiga shunday yuqori eʼtibor qaratilar ekan, sarhadlarimiz posbonlari ham ushbu gʻamxoʻrlik va qulayliklardan ruhlanib, oilasidan koʻngli toʻq holda davlat chegaralarini yanada masʼuliyat bilan mustahkam qoʻriqlaydi.
Sobirjon Isakov,
DXX Chegara qoʻshinlari polkovnigi,
OʻzA