DXA: Fuqarolarni sarson qilayotgan, ularning murojaatlarini eʼtiborsiz qoldirayotgan davlat idoralari ham uchrab turibdi
Koʻrilgan choralarga asosan 953 nafar aybdor shaxsga nisbatan maʼmuriy jarima qoʻllanildi va 186 nafar shaxs esa intizomiy javobgarlikka tortildi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida oʻz vazifasini sidqidildan bajarayotgan davlat idoralari bilan birgalikda davlat xizmatlarini oʻz vaqtida koʻrsatmasdan, fuqarolarni sarson qilayotgan, ularning murojaatlarini eʼtiborsiz qoldirayotgan davlat idoralari ham uchrab turibdi.
Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning oʻtgan davrida agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarda 37 233 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, 29 363 ta murojaatning muddati buzilgan, 434 ta ortiqcha hujjat talab qilib olingan va 2 582 nafar fuqaroga toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmati koʻrsatilgan, 808 nafar fuqaroning arizasiga asossiz rad javobi berilgan, 34 ta holatda vakolatli idoraning qonuniy talabini bajarmagan va 4 012 ta holatda boshqa qonun buzilishlarga yoʻl qoʻyilgan.
Ushbu holatlar boʻyicha vakolatli organlarga ijro qilinishi majburiy boʻlgan 231 ta taqdimnoma va 1 035 ta ogohnoma kiritildi hamda 958 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirildi.
Koʻrilgan choralarga asosan 953 nafar aybdor shaxsga nisbatan maʼmuriy jarima qoʻllanildi va 186 nafar shaxs esa intizomiy javobgarlikka tortildi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan Yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash uchun ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi va muddatlari buzilganligi uchun ushbu idoralarning 2 nafar masʼul xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 2155-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
“Umid qilamiz, davlat xizmatlari koʻrsatishga masʼul idoralar har bir murojaat ortida inson manfaati yotganligini va yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarlik uchun javobgarlikning muqarrarligini oʻz vaqtida anglab olishadi”, - deyiladi xabarda.