Dushanbeda qutlug‘ anjuman
Adabiyot – dillarni bir-biriga bog‘laydigan buyuk ma’naviy rishta. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start bergani kitobxonlik va milliy so‘z san’ati ravnaqida yangi bosqichni boshlab berishi shubhasiz.
Zero, O‘zbekistonda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini rivojlantirish, milliy adabiyotimizni jahon miqyosida targ‘ib etish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ushbu xayrli islohotlar samarasi o‘laroq, xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va qardosh xalqlar bilan adabiy aloqalarni kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Ana shunday ezgu tashabbuslarning uzviy davomi sifatida Dushanbe shahrida “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” loyihasi doirasida yana bir yuksak saviyadagi nufuzli ma’naviy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi.
Unda “Vatandoshlar” jamoat fondi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida nashr etilgan, ikki xalq madaniy hayotida muhim voqelik bo‘lgan “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi” kitobining tantanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir nafaqat yangi kitob taqdimoti, balki ikki qardosh xalq – o‘zbek va tojik xalqlarining azaliy do‘stligi, mushtarak madaniyati va adabiy hamjihatligini ulug‘lagan qutlug‘ bayramga aylandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ergash Shoismatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir Salim Ashur, O‘zbekiston tojik milliy madaniy markazi raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Gulandom Subhonova, “Vatandoshlar” jamoat fondi mas’ul xodimi Yahyoxon Fayoz ishtirok etdi.
Shuningdek, mezbon tomondan Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi raisining o‘rinbosari Muhammadulloh Tabariy, Tojikiston xalq shoiri Baxtiyor Murtazo, Tojikiston xalq artisti Mastona Ergasheva, taniqli adib O‘rinboy Usmonov hamda ikki mamlakatning ko‘plab shoir, yozuvchi, olim va ziyolilari qatnashgani anjumanning nufuzidan dalolat beradi.

So‘zga chiqqanlar mazkur antologiyaning mazmun-mohiyati, ayniqsa, keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining olib borayotgan oqilona, ochiq va do‘stona siyosatlariga to‘la mos ekanini alohida e’tirof etdi.
Ishonchimiz komilki, mazkur antologiya kelgusida ikki mamlakat adabiy muhiti o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini yanada kengaytirish, xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy birlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA