"Durdonai Sharq" nashr etila boshlandi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyati bo‘limida 2021 yildan tojik adabiyoti sho‘’basi ish boshladi.
Uyushma va shu’ba tashabbusi bilan “Durdonai Sharq” – “Sharq durdonasi” nomli adabiy, ilmiy-ma’rifiy jurnal nashrdan chiqa boshladi.
Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, “Durdonai Sharq” O‘zbekistonda yashab ijod qilayotgan tojik ziyolilari – shoir, yozuvchilarining minbari bo‘lib, shubhasiz, ikki qardosh – o‘zbek va tojik xalqlari ma’naviyati, adabiyoti rivojiga ham xizmat qiladi.
Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyat bo‘limi tojik sho‘’basi rahbari, shoir, jurnal muharriri Asadulla Ismoilzoda Yangi O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlar, turli millat va elatlar, xususan o‘zbek-tojik do‘stligini qadrlab, yangi jurnal bu yo‘lda ko‘prik bo‘lishiga umid bildirdi.
– “Durdonai Sharq” (“Sharq durdonasi”) adabiy, ilmiy va ma’rifiy jurnali birinchi soni nashrdan chiqdi, – dedi Asadulla Ismoilzoda. – Bu turdagi jurnal O‘zbekiston tarixida birinchi marta tojik tilida chop etilyapti. Bu bizning kӯp yillik orzuimiz edi. “Durdonai Sharq” jurnali yilida to‘rt marotaba 120 betdan 70/108 formatida nashr etiladi. Unda O‘zbekistonda yashab ijod qiladigan ijodkorlarning ijod namunasi birinchi navbatda nashr etiladi va qolaversa, Sharq adabiyoti durdonalarini joylashtiramiz. Shu qatorda yosh ijodkorlarni rag‘batlantirib, ularning hikoya va she’rlarini berib boramiz. Adabiyotshunoslik, tilshunoslik, folklorshunoslik ruknlarimiz mavjud. Ma’naviy va ijod targ‘ibotchilari uchun maxsus sahifalar bor.
O‘zA