23 sentyabr – alloma tavallud topgan kun
Yurtimiz tarixida turli ilmlarni yuksak mahorat bilan egallab, benihoya mashhur bo‘lgan va beqiyos durdona asarlar yaratgan allomalar bisyor. Ulug‘ faqih Burhonuddin al-Marg‘inoniy ana shunday yetuk shaxslardan biri bo‘lgan.
Ulug‘ faqih 1123 yil 23 sentyabr kuni tavallud topgan. Burhonuddin al-Marg‘inoniy dastlabki ta’limni Marg‘ilonda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandga ko‘chib borgan.
Mavlono yoshlik chog‘laridanoq Qur’oni Karimni yod olib, hadislarni chuqur o‘rgangan. Balog‘at yoshiga yetganida, mukammal ilmga ega bo‘lganiga qaramay, ustozlardan ta’lim olishni davom ettirdi.
Burhonuddin al-Marg‘inoniy islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganish bilan birga o‘zi ham fiqhga oid bir qator asarlar yaratgan. «Kitob ul-mashoyix» («Shayxlar haqidagi kitob») asarida u o‘zi ta’lim olgan 40 dan ortiq shayx va allomani sanab o‘tgan.
Bizgacha yetib kelgan asarlaridan «Bidoyat al-muntahiy» («Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim»), «Kifoyat al-muntahiy» («Yakunlovchilar uchun tugal ta’lim»), «Nashr ul-mazhab» («Mazhabning yoyilishi»), «Kitob ul-mazid» («Ilmni ziyoda qiluvchi kitob»), «Manosik ul-haj» («Haj marosimlari»), «Majma ul-navozil» («Nozil bo‘lgan narsalar to‘plami»), «Kitob ul-faroiz» («Farzlar kitobi») va boshqalar ma’lum.
Al-Marg‘inoniyning butun islom olamida mashhur bo‘lgan «Hidoya» asari 1178 yili Samarqandda yozildi. Bu asar butun musulmon olamida mashhur bo‘lib ketdi. Natijada musulmon huquqi — fiqh bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida tan olindi.
«Hidoya»da huquqiy masalalarning yechimi dastlab yirik fikh olimlari fikrlarining bayoni va unga boshqa mualliflar e’tirozi yoki qo‘shilishlarini izhor etish yo‘li bilan berilgan.
Ana shu obro‘li mualliflar fikrlaridan kelib chiqib, muayyan masalada eng ma’qul yechimni tanlab olish yo‘liga amal qilingan. Shu tariqa unda qonunning aynan ifodasigina emas, balki uning mukammal sharhi ham asoslab keltiriladi. «Hidoya» bir necha asrlar davomida ko‘p musulmon mamlakatlarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham huquqshunoslik bo‘yicha eng asosiy qo‘llanma hisoblanadi.
Vatandoshimiz al-Marg‘inoniyning mazkur asari N.Grodekov tomonidan 1893 yilda rus tilida qisqartirilgan tarjima holida nashr etilgan. Asarning birinchi kitobi 1994 yilda A.Saidovning so‘z boshi va sharhi bilan Toshkentda qayta nashr etildi.
Musulmon olamida o‘z qimmatini yo‘qotmagan «Hidoya» va uning muallifi Marg‘inoniy faoliyati tadqiqotchilar tomonidan tahlil etib kelinmoqda.
Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA