Duosi ijobat tabarruk otaxonlar
FOTOREPORTAJ
Insoniyat tarixidagi eng mash’um hodisa – Ikkinchi jahon urushiga Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidan 6579 nafar er yigit safarbar etilgan. Bugun ulardan 2 nafarigina hayot.
Poromonlik Muhammadibrohim ota Inomovga chaqiruv qog‘ozi kelganida u endigina 19 yoshda edi. Urushning bor dahshati guvohi bo‘lib, mashaqqatli, olovli yo‘llarni bosib o‘tdi.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi viloyat sektorlari, mudofaa tizimi hamda jamoatchilik vakillari Muhammadibrohim otani ham yo‘qladi.
Mehmonlar 102 yoshga kirsada, hamon tetik, teran fikrli Muhammadibrohim ota Inomovga uzoq umr, sihat-salomatlik tiladi. Viloyat rahbari otaxonga Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi, pul mukofoti hamda sovg‘a-salomlarni topshirdi.
Tumanning Iskovot qishlog‘ida yashovchi Topildi ota Madrahimov 1943-yil 18 yoshida frontga chaqirildi. Hayot mashaqqatlari yelkasiga erta tushgan yigit omonat jonini garovga qo‘yib barcha qatori urushga otlandi.
Oradan shuncha yil o‘tsa hamki Topildi ota xotirasiga muhrlanib qolgan urush dahshatlari unga tinchlik bermaydi. Yagona tilagi – urush degan ofatning qayta takrorlanmasligi.
Bunday tabarruk nuroniylarning duosi ijobat, shubhasiz.
Otaxonni yo‘qlov tadbiri harbiy orkestr va keng jamoatchilik ishtirokida katta bayram tusini oldi. Topildi ota Madrahimovga Prezident tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, 20 million so‘m pul mukofoti va bayram sovg‘alari topshirildi.
[gallery-17329]
O‘z navbatida, Muhammadibrohim ota ham ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
– Bugungiday tinch-osoyishta, xalqparvarlik siyosati ustuvor zamon avval bo‘lmagan, - dedi Muhammadibrohim ota. – Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat bugun har sohada o‘z ijobiy samarasini ko‘rsatyapti. Keksayib qolgan bo‘lsam ham televideniye, radio orqali barcha yangiliklarni kuzatib boraman. Shu ishlarning boshida turgan Prezidentimiz omon bo‘lsinlar.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA