Dunyoni hayratga solayotgan san’at
Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida IV xalqaro amaliy san’at biyennalesi doirasida zardo‘z usta Nodir Rasulov ijodiga mansub “Buxoroning zarrin jilvasi” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
O‘zbek zardo‘zlik san’ati milliy amaliy san’atimizning ajralmas bo‘lagi sanaladi. Asrlar mobaynida rivoj topib, shakllanib kelayotgan bu san’at turi o‘zbek xalq amaliy bezak san’ati turlari orasida alohida o‘ringa ega. Ushbu san’at ayniqsa, Buxoroda rivojlangan. Zero, Buxoro zardo‘zlik maktabi jahonda nom qozongan, hali-hanuz dunyo san’atshunoslari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotgan, xorijliklarning hayrati va havasiga sazovor bo‘layotgan san’at turidir.
Nodir Rasulov – buxorolik zardo‘zlik san’ati ustasi. U hunarmandlar oilasida tavallud topgan. Otasi mohir yog‘och o‘ymakori, onasi va opa-singillari esa gilam kashtado‘zligi bilan shug‘ullanadi.
[gallery-14053]
Nodir bolalikdan amaliy san’atga, ayniqsa zardo‘zlikka qiziqadi. Uning ijod namunalari AQSH, Fransiya, Eron, Turkiya, Buyuk Britaniyada ham yuksak e’tirof etilgan.
Ushbu ko‘rgazmada zardo‘zlik namunalaridan iborat bo‘lgan 30 dan ortiq asar tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (curat), O‘zA