Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Abdulla Qodiriyning besh jildlik “To‘la asarlari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur to‘plam Milliy kutubxonaning “Info Capital Books“ nashriyoti bilan hamkorlikda nashr etilgan.
Ushbu adabiy majmuani tayyorlashga va chop etishga ulug‘ adibning nevarasi Xondamir Qodiriy mas’ul bo‘ldi.
Tadbir avvalida atoqli adib Abdulla Qodiriyga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Taniqli adabiyotshunos, tarixshunos olimlar Qodiriy asarlarining ahamiyati, zalvori xususida batafsil so‘z yuritdi.
– Albatta bunday kitoblar bilan katta boyliklar orttirib bo‘lmaydi, — dedi atoqli tarixchi olim Bahrom Irzayev. – Lekin ushbu kitoblar millatning oydin yo‘lidir. Abdulla Qodiriyning ijodi haqida yurtimiz, ham xorijda ko‘p va xo‘b gapirilgan. Millatimizga Abdulla Qodiriy ijodiga oid bir asr oldingi bunday xazinaning yetkazilishi juda muhimdir. Uning asari 1925 yili Samarqandda Said Rizo Alizoda tomonidan nashr etilishi Qodiriyning go‘zal ijodidan millatimizni bahramand etish yo‘lidagi ezgu ishlardan edi...

– Yozuvchi va shoirlar – millatning vijdoni, – dedi adabiyotshunos olim Ma’rufjon Yo‘ldoshev. – Mustamlakachilar xalqni vijdonidan mahrum etish uchun ham eng avvalo ziyolilarning peshqadamlari bo‘lmish yozuvchi va shoirlarni qatag‘on etgan. Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari turk tiliga ham tarjima etilgan. Ma’lumki, Turkiyadagi 60 ga yaqin universitetda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitiladi. Abdulla Qodiriy asarlarining to‘liq holda chop etilishi millatimizning ma’naviy yuksalishida ham betakror ahamiyatga ega. “O‘tkan kunlar” asarida har bir kitobxon o‘zini, o‘zligini ko‘radi. Mazkur asar kitobxonni o‘zligiga qaytaradi. Dunyoga o‘zbek millatini tanitadigan ushbu asar har bir o‘zbek xonadonida bo‘lishi kerak.

Darhaqiqat, ushbu to‘plamda eng sevimli asarlarimizdan biri bo‘lgan “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Diyori bakr” va “Obid ketmon” asarlari o‘rin olgan bo‘lib, har biri kitob holida jamlangan. Shuningdek, “O‘tkan kunlar” asariga O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, “Mehrobdan chayon”ga O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, “Obid ketmon”ga adabiyotshunos olim Umarali Normatovlarning so‘z boshilari keltirilgan. “Diyorbakr” asari she’rlar, hikoyalar, sahna asarlari, hangoma, feleton va maqolalarni o‘z ichiga olgan. Beshinchi jild “Adibni xotirlab” deb nomlanadi. U memuar singari adibning zamondoshlari, izdoshlari, farzandlari va nabiralari tomonidan Qodiriy haqida bildirilgan fikrlar, arxiv materiallari va xotiralar asosidagi voqea va faktlarni jamlangan.
Mazkur majmua chiroyli shaklda, o‘zgacha bezakda, mukammal va to‘liq ekani bilan ahamiyatlidir. Yangi besh jildlikda kitobxon avval o‘qimagan ma’lumotlarni ham topishi mumkin. Yana bir muhim tomoni – betakror dizayn va bezakka ega bo‘lgan bu kitoblar maxsus sovg‘abop qutiga mozaika shaklida taxlanganki, har bir kitob biri ikkinchisini to‘ldirib turadi. Ushbu kitob majmuasi o‘qimishliligi, sovg‘abopligi bilan ham ahamiyatlidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA