O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida institut tashkil etilganligining 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Fanlar akademiyasi tizimidagi institut va muzeylar, bir nechta OTMlar, boshqa bir qator mahalliy va xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti 1943 yil O‘zbekiston Davlat xalq kutubxonasi (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasi) ning Sharq bo‘limi asosida tashkil topgan va 1950 yilgacha Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish instituti deb atalgan. 1950 yilda esa Institutda olib borilayotgan ilmiy sohalar qamrovini hisobga olib, Sharqshunoslik instituti deb nomlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 24 maydagi Qaroriga asosan, institut mamlakatimizdagi qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan zamonaviy yozma manbalarni saqlash, o‘rganish, ilmiy asosda tadqiq etish va targ‘ib qilish bo‘yicha yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.

Institutning ilmiy faoliyati asosan qo‘lyozmalar fondi bilan bog‘liq. Bu qo‘lyozmalar majmuasi ilmiy jihatdan dunyodagi eng yirik va mashhur xazinalardan biri hisoblanadi. Bu xazinada saqlanayotgan asarlarning ichida eng qadimiysi IX asrga oid (Qur’oni karimning kufiy xati bilan kitobat qilingan nusxasi), eng yangilari esa XX asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi.
Qo‘lyozmalar majmuasidagi asarlar o‘zbek, arab, fors, tojik, urdu, pushtu, ozarbayjon, turk, tatar, turkman, uyg‘ur va boshqa sharq xalqlari tillarida yozilgan.
Mazkur asarlar o‘rta asr va undan keyingi davrlar fanining turli tarmoqlariga, ya’ni tarix, adabiyot, falsafa, islom ilmlari, falakiyot, kimyo, tabobat, jug‘rofiya, dorishunoslik, til, musiqa, matematika, ma’danshunoslik va boshqa sohalarga oid.

—Hozirgi vaqtda qo‘lyozmalar xazinasida 26000 jildga yaqin qo‘lyozma saqlanmoqda,—deydi Filologiya fanlari doktori, institut katta ilmiy xodimi Salimaxon Eshonova. — Ularning ko‘pchiligida bir qancha asarlar jamlangan. Toshbosma va nashr etilgan kitoblarning umumiy soni 40000 ga yaqin jildni tashkil etadi. Ular O‘rta Osiyo, shuningdek, Sharq mamlakatlari – arab davlatlari, Afg‘oniston, Pokiston, Turkiya, Xitoy, Eron, Hindiston tarixini o‘rganishda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
2000 yilda Institutning qo‘lyozmalar xazinasi dunyodagi eng boy qo‘lyozmalar majmuasi sifatida YUNESKO Madaniy meros ro‘yhatiga kiritilgan. 2023 yilda shu fonddagi Jaloliddin Rumiy asarlarining qo‘lyozmalari ham alohida mazkur ro‘yxatga qo‘shildi.
Tadbir davomida mavjud qo‘lyozmalar fondini saqlash va boyitish, undagi turli mavzularga oid manbalarni kataloglashtirish hamda tarjima va tadqiq etish, Markaziy Osiyoning qadim va o‘rta asrlardagi tarixini o‘rganish kabi masalalarda tegishli OTM lar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish institut oldida turgan asosiy vazifalar ekani ta’kidlandi.
N.Rahmonova, O‘zA