Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovi. O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda taqdim etadi.
Tramp Eronga muhlatni uzaytirdi: muzokara davom etadi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Erondan Hurmuz bo‘g‘ozini ochish talabi bo‘yicha berilgan muddatni yana 10 kun – 6-aprelgacha uzaytirdi. Bu qaror Tehronning iltimosidan so‘ng qabul qilingani aytilmoqda. Shu bilan birga Vashington Eron energetika infratuzilmasiga zarba berish rejasini ham vaqtincha to‘xtatgan.
Tramp muzokara “yaxshi ketyapti” deya ta’kidlagan bo‘lsa-da, tomonlar hali kelishuvdan yiroq. Eron hujumni to‘xtatish va mamlakatning suverenitetini tan olish kabi shartlar qo‘ymoqda. Demak, vaziyat hamon keskin.
Germaniyada maxfiy harbiy ma’lumot sizdirgan ofitser xizmatdan chetlatildi
Germaniya armiyasi – Bundesver ofitseri 150 dan ortiq mudofaa xaridi rejasini begonaga uzatish gumoni bilan lavozimidan chetlatildi. Hodisa yuzasidan jinoiy va intizomiy tekshiruv boshlangan, ish “maxfiy ma’lumotni oshkor qilish” sifatida baholangan.
GFRning 337 milliard yevrolik harbiy modernizatsiya rejasiga oid ushbu hujjat qurol-yaroq va texnika xaridini o‘z ichiga olgan. Aybi isbotlansa, zobit jarimaga tortilishi, ishdan bo‘shatilishi yoki qamoq jazosini olishi mumkin.
Dunyoda yadroviy qurol ko‘paymoqda
Xalqaro kuzatuvchilar hisobotiga ko‘ra, yadroviy qurolga ega barcha 9 davlat o‘z zaxirasini kuchaytira boshlagan yoki shunday rejani e’lon qilgan. 2025-yil zudlik bilan ishlatishga tayyor yadroviy zaryadlar soni 9 745 taga yetdi. Avvalgi yilga nisbatan yuqori bu ko‘rsatkich global xavf-xatarni kuchaytirmoqda.
Mutaxassislar holatni yangi “yadroviy poyga” sifatida baholab, qurolni kamaytirish davri tugaganini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi so‘nggi nazorat kelishuvi bekor qilinishi vaziyatni yanada chigallashtirib, ehtimoliy xatolik yoki to‘qnashuv xavfini oshirdi.
Braziliya ilk mahalliy qiruvchi samolyotini namoyish qildi
Braziliya o‘zining mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan ilk supertovushli qiruvchi samolyoti –“F-39E Gripen”ni rasman taqdim etdi. Marosimda Prezident Luis Inasiu Lula da Silva ishtirok etib, loyiha mamlakat aviatsiya hamda mudofaa sanoati taraqqiyoti yo‘lidagi tarixiy qadam ekanini ta’kidladi.
Shvetsiyaning “Saab” kompaniyasi bilan bairga ishlab chiqilgan mazkur uchoq “Embraer” tomonidan yig‘ilgan. Loyiha Braziliyaning mudofaa mustaqilligini oshirishi, mamlakatni mintaqada harbiy aviatsiya markaziga aylantirishga xizmat qilishi kutilyapti.
Shvetsiyada neft kompaniyasi rahbarlariga urush jinoyati bo‘yicha
qamoq talab qilinyapti
Shvetsiya prokurorlari sobiq neft kompaniyasi rahbarlari Ian Lundin va Aleks Shnayter uchun uzoq muddatli qamoq jazosini talab qilib chiqdi. Ular Sudandagi fuqarolik urushi payti kompaniya manfaati uchun harbiy amaliyotga bilvosita hissa qo‘shishda ayblanmoqda.
Ayblovga ko‘ra, kompaniya Sudan hukumati bilan kelishuv orqali harbiylarni neft konlarini “himoya qilish”ga undagan. Bu oddiy aholiga hujum qilish, qishloqni yoqish va qirg‘in uyushtirishga olib kelgan. Ayblanuvchilar har qanday da’voni rad etmoqda. Sud qarori may oyida e’lon qilinishi kutilyapti.
Ispaniya 5 mlrd. yevrolik yordamni tasdiqladi
Ispaniya parlamenti Yaqin Sharqdagi urushi oqibatini yumshatish maqsadida 5 milliard yevrolik iqtisodiy chora bo‘yicha hujjat qabul qildi. Tegishli ro‘yxatga gaz bilan ta’minlash, yonilg‘iga qo‘shilgan qiymat solig‘ini kamaytirish, shuningdek transportchi va fermerlar uchun subsidiya ajratish kiritilgan. Bu chora benzin narxi litriga taxminan 0,3 yevro arzonlashishini ta’minlaydi.
Hukumat bu chora aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini ta’kidlamoqda. So‘nggi haftalarda yonilg‘i narxi keskin oshgan. Ayni geosiyosiy vaziyat Ispaniya iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Eron Ispaniya kemalari Hurmuzdan o‘tishiga ruxsat bermoqda
Eron Ispaniyaga aloqador kemalar Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi uchun imtiyoz bermoqchi. Bu Madridning Yaqin Sharqdagi urushga qarshi ekanligi bilan bog‘lanmoqda.
Tehron aynivaziyatda “tanlab qamal qilish” siyosatini yuritib, faqat raqib hisoblangan davlatlar kemalariga cheklov qo‘yayotgani aytilmoqda.Afsuski, bu imtiyoz Ispaniya uchun ham xavfli bo‘lishi mumkin. Zero, AQSH va Isroil Madrid pozitsiyasini tanqid qilib, iqtisodiy va siyosiy bosimni kuchaytirish ehtimoli yuqoriligini ta’kidlamoqda.
Ryutte: Tramp davrida NATO yanada kuchaydi
NATO Bosh kotibi Mark Ryuttening fikricha, AQSH Prezidenti Donald Tramp alyans kuchayishiga jiddiy turtki bergan. Uning bosimi natijasida barcha a’zo davlatlar mudofaa xarajatini YAIMning kamida 2 foiziga yetkazdi va hatto, yangi 5 foizlik maqsad ham shakllandi.
Ryutte Rossiyani NATO uchun asosiy tahdid, deb atab, Ukraina urushi global xavfsizlikka ta’sir qilayotganini qayd etdi. Trampning siyosati tuzilmani yanada barqarorlashtirsa-da, Yevropa davlatlari orasida bu pozitsiya bahsliligicha qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA