Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Yetakchi davlatlar Yaqin Sharq bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildi
AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya Yaqin Sharq bo‘yicha qo‘shma bayonot e’lon qildi. Oq uy saytida e’lon qilingan hujjatda ushbu mamlakatlar yetakchilari mintaqadagi vaziyatni muhokama qilgani ta’kidlanib, keskinlikni yumshatish, o‘t ochishni to‘xtatish hamda G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish yuzasidan olib borilayotgan sa’y-harakat to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi qayd etilgan.
Shuningdek, AQSH, Misr va Qatar rahbarlarining imkon qadar tezroq kelishuvga erishish maqsadida shu hafta oxirida muzokarani davom ettirish to‘g‘risidagi qo‘shma chaqirig‘i ma’qullanib, barcha tomonlar o‘z majburiyatini bajarishi kerakligi ta’kidlangan.
Bayonotda Isroilga ehtimoliy hujum tahdididan xavotir bildirilib, Eron ayni rejadan voz kechishga chaqirilgan. Agar bunday hujum sodir bo‘lsa, mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy xavf tug‘ilishi aytilgan.
Zelenskiy Kursk to‘g‘risida ilk bor ochiq gapirdi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kursk viloyatiga hujum to‘g‘risida ilk bor ochiq so‘zladi.
U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qo‘shin qo‘mondoni Sirskiyning hisobotini eshitayotgan payti olingan video lavhani ulashgan. Tasvirda Sirskiy Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoniga Ukraina qo‘shini Kursk viloyatining 1000 kvadrat kilometr hududini nazorat qilib turgani haqida gapirgan. Mamlakat yetakchisi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga amaliyot o‘tkazilayotgan hudud uchun gumanitar reja tayyorlashga ko‘rsatma bergan.
6 avgust kuni Ukraina RF Kursk viloyatiga hujum boshladi. Ertasi kuni mintaqada favqulodda holat tartibi o‘rnatildi. G‘arb ommaviy axborot vositalari bu voqeani Ukraina 2022 yil fevraldan buyon Rossiyaga qarshi uyushtirgan eng yirik hujum sifatida baholamoqda.
Turkiyada “Telegram” taqiqlanishi mumkin
Turkiya “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i taqiqlanishi mumkin. Dastlabki ma’lumotga qaraganda, bunga giyohvand moddalar savdosi, fohishabozlik va qimor o‘yinlari targ‘ib qilinishi bilan bog‘liq holatlar aniqlangani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Bu xabarni “Sabah” gazetasi hukumat tuzilmalari ma’lumotiga tayanib yozgan.
2 avgust kuni hukumat “Instagram” ijtimoiy tarmog‘ini ham taqiqlagan edi. Shanba kuni Transport va infratuzilmalar vaziri Abdulqodir O‘rol o‘g‘li “Meta” bilan olib borilgan muzokara va kompaniya tomoni bergan va’da natijasida mazkur ijtimoiy tarmoqqa kirish yana ochilganini ma’lum qildi.
“Telegram” xabar almashish ilovalari tufayli Turkiyada keng tarqalgan. So‘nggi payt mamlakatda ushbu tarmoq “jinoiy botqoqqa aylangan”i xususida ko‘p gapirilyapti. “Telegram”da ochilgan kanallar orqali giyohvand moddalar ochiqchasiga sotilmoqda, fohishabozlik, qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi videolar namoyish qilinmoqda.
AQSH Eron va Rossiya hamkorligidan xavotirda
AQSH Davlat departamenti rasmiy vakili Vedant Patel har kungi o‘tkaziladigan matbuot anjumanida Oq uy Eronning Rossiyaga yuzlab ballistik raketa sotmoqchi bo‘layotgani haqida tarqalgan xabarlardan xavotir bildirgan.
– Biz Eron bilan Rossiya munosabati chuqurlashib borayotganidan xavotirdamiz, – dedi u. – Ushbu hamorlik Yevropa xavfsizligiga tahdid soladi. Hozirgi vaziyat Eron kuchlari buzg‘unchi kuch sifatida Yaqin Sharq chegarasidan tashqariga chiqayotganiga ishora bermoqda.
Xitoyda olti kishi yashin urishidan vafot etdi
Xitoyning Szyansu viloyati Chanchjou okrugi iqtisodiy rivojlanish hududi ma’muriyati ma’lum qilishicha, hududda yashin chaqnab, olti nafar inson halok bo‘lgan, 10 kishi jabrlangan.
Yakshanba kuni Xenshansyao shahrida kuchli jala quyib, chaqmoq Fanmaoshan bog‘idagi ayvonga urilgan. Natijada bino qulab, yomg‘irdan panalab o‘tirgan odamlar ustiga tushgan.
Hodisa joyidagi 16 kishining olti nafari jiddiy jarohat ta’sirida hayotdan ko‘z yumgan, qolganlari yaralangan.
Sobiq elchi: Ukraina AQSH uchun ustuvor masala bo‘lib qoladi
Prezident saylovi natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Ukraina AQSH uchun muhim davlat. AQSHning Rossiyadagi sobiq elchisi Jon Sallivan aynan shunday fikrda.
– Prezident Tramp bo‘ladimi yoki Xarris, yangi ma’muriyat qanday siyosat olib bormasin, Ukrainadagi vaziyat AQSH uchun ustuvor bo‘lib qolaveradi, – dedi u CNN telekanaliga bergan intervyusida.
Tayvan giper tovushli raketa ishlab chiqarmoqchi
“Taipei Times” Tayvan Mudofaa vazirligi ma’lumotiga tayanib yozishicha, orol giper tovushli raketa yaratish rejasini e’lon qilgan.
Qurolli kuchlarning uzoq masofaga ucha oladigan qurilma ishlab chiqish dasturi Xitoyni tiyib turish maqsadini ko‘zlaydi.
Ta’kidlanishicha, uch yil davomida amalga oshirilishi nazarda tutilgan bu ishga Chjunshan fan va texnologiyalar instituti (NCSIST) bosh-qosh bo‘ladi.
Tayvan Mudofaa vazirligi qurollanish byurosi tuzilmasi tarkibidagi mazkur ilmiy muassasa yangi qurol-yaroq kashf etish, turli aslaha va texnologiyalar tizimiga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
S.Rahimov, O‘zA