Bayden prezidentlik poygasidan chiqishi shartini ma’lum qildi
Amerika yetakchisi Jo Bayden BET telekanali bilan suhbatda agar shifokorlar uning sog‘lig‘ida muammo topsa, prezident saylovi poygasidan chiqishini m’lum qildi.
“CBS News” ushbu suhbatdan parcha keltirgan: Agar menda qandaydir kasallik topilsa, shifokorlardan biri sizda shunday muammo bor, desa, poygadan chiqaman.
Oq uy rahbari “Keksalik – donishmandlik”, degan.
Bungacha u sog‘lig‘i haqida gap ketganda, qo‘shimcha tekshiruv shart emasligini aytib, mabodo shifokorlar talab qilsa, tayyorligini ta’kidlagan.
Bayden Tramp bilan o‘tkazgan telebahsda yutqazgandan keyin demokratlar orasida prezidentlikka boshqa nomzod ko‘rsatishga chaqiriqlar ko‘paydi.
Ikkinchi teledebat 10 sentyabrga belgilangan. Prezident saylovi esa 5 noyabrda bo‘lib o‘tadi.
Polsha Prezidenti Rossiya haqida keskin bayonot berdi
Rossiyaning Ukraina ustidan g‘alabasi Shimoliy Atlantika alyansi bilan urushga olib kelishi mumkin, dedi Polsha Prezidenti Anjey Duda “Wirtualna Polska” nashriga intervyu bergan chog‘da.
“Rossiyaning G‘arb bilan ehtimoli yuqori bo‘lgan urushiga juda kam vaqt qoldi”, — dedi siyosatchi Rossiya bilan urushda Ukrainaning mag‘lubiyatga uchrashi ehtimoli bilan bog‘liq savolga javob berarkan.
Amerikada Trampga suiqasddan keyin vaziyat qanday?
“Reyter” agentligi va “Ipsos” kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, 80 foiz amerikaliklar sobiq Prezident Donald Trampga uyushtirilgan suiqasddan keyin mamlakatda vaziyat nazoratdan chiqib ketadi, deb o‘ylamoqda.
So‘rovda qatnashganlarning taxminan 84 foizi, ekstremistlar zo‘ravonlik harakatini saylovdan keyin ham amalga oshirishidan xavotir bildirgan. Ijtimoiy tadqiqot ro‘yxatga olingan 992 saylovchi orasida o‘tkazilgan.
Shanba kuni Tramp Pensilvaniyada mitingni otishma tufayli to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Keyinroq u qulog‘idan yaralangani, ko‘p qon yo‘qotganini aytdi. Maxfiy xizmat gumonlanuvchi otib o‘ldirilganini ma’lum qildi. Otishma payti bir tomoshabin ham halok bo‘lgan, ikki kishi og‘ir jarohat olgan.
Vens nomzodi vitse-prezidentlikka ko‘rsatilishi
Ukraina uchun murakkab ssenariy
Ukraina Oliy Radasi deputati Aleksey Goncharenko amerikalik senator Jey-Di Vens nomzodi respublikachilardan vitse-prezidentlikka ko‘rsatilishi Ukraina uchun “juda murakkab ssenariy” dedi. U Vensni “juda aqlli, ayyor va sovuqqon”, deya ta’rifladi.
“Time” nashri Goncharenkoning quyidagi so‘zlarini keltirgan:
– Biz uchun juda murakkab ssenariy. U urushga va Ukrainaga nisbatan juda ishonchsiz qaraydi.
O‘zini oshkor qilmagan ukrainalik mansabdor fikricha, Vens nomzodi ilgari surilishi bilan Ukraina endi tiliga va harakatiga ehtiyot bo‘lishi kerak.
Ukraina mavzusidagi chiqishlari bilan ham tanilgan Jey-Di AQSH tomonidan ajratilayotgan ko‘p milliard dollarlik yordamni tanqid qilib, hukumatni Rossiya bilan muzokaraga chaqirib keladi. Siyosatchi ta’kidlashicha, Kiyevning 1991 yildagi chegaralarni qayta tiklash maqsadi amalga oshmaydigan ish. Mojaroni hal qilish uchun betaraf davlat bo‘lish va hududiy bahsni muzlatish lozim.
Estoniyada mudofaa solig‘i joriy qilinadi
Estoniya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi va parlamentdagi “Eesti-200” (Eesti 200) partiyasi rahbari Margus Tsaxka mamlakatda og‘ir mudofaa solig‘i joriy etilishi va kamida 2027 yilgacha undirilishini aytdi. Bu xabarni ERR teleradiokompaniyasi tarqatgan.
– Davlat byudjetini shakllantirishda asosiy e’tibor juda qiyin qarorlarga qaratilmoqda, – dedi Margus Tsaxkna.
Avvalroq Estoniya sobiq mudofaa vaziri, “Islohotlar” partiyasining parlamentdagi fraksiyasi a’zosi Kalle Laanet mudofaa xarajatini oshirish zaruratiga “Rossiya Federatsiyasi tahdidi” sabab bo‘layotganini ta’kidlagandi.
AQSHda Tramp surati tushirilgan krossovka paydo bo‘ldi
Donald Trampga suiqasd uyushtirilgandan keyinoq uning rasmi tushirilgan krossovka sobiq prezidentga tegishli kompaniya saytida paydo bo‘ldi, deb yozdi “USA Today” gazetasi.
Poyabzalda AQSH bayrog‘i tasvirlangan, suiqasddan keyin qulog‘i atrofi qonga belangan Tramp mushtini ko‘tarib turibdi.
5 ming juft sotilishi rejalashtirilgan krossovkaning narxi 299 dollar. Tasodifiy tanlab olingan o‘n juft poyabzal esa shaxsan Tramp imzosi bilan sotuvga chiqariladi.
S.Rahimov,
O‘zA