AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin 18-mart kuni Germaniyaga safar uyushtirib, Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi majlisida ishtirok etadi. Bu axborotni brifingda Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx tasdiqladi.
Uchrashuv AQSHning Germaniyadagi Ramshtayn harbiy bazasida bo‘lib o‘tadi.
Sabrina Singx ta’kidlashicha, Ostin 14-mart kuni Latviya mudofaa vaziri Andris Spruds bilan uchrashib, NATOda ikki tomonlama xavfsizlik masalasi hamda Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilgan.
***
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Investitsiya fondi rahbari Muhammad Mustafoni Bosh vazir lavozimiga tayinladi, deyilgan WAFA agentligi tarqatgan xabarda.
Abbos ma’muriyati yangi hukumatning asosiy vazifasi sifatida G‘azo sektorida iqtisodiy tiklash jarayoni tezroq yo‘lga qo‘yilishi, Isroil hukumati vayron qilgan tumanlar qayta tiklanishi, kelajakda Falastin davlati shakllanishi, iqtisodiyot, davlat xavfsizligi sohalari isloh qilinishidan umidvor.
***
AQSH Yamanda Xusiylarning to‘qqizta kemaga qarshi ishlatiladigan raketa hamda dronini yo‘q qildi, deya ma’lum qildi Amerika markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ijtimoiy tarmoq orqali.
Ta’kidlanishicha, ushbu chora kema qatnovini himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan.
***
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron “France-2” telekanaliga bergan intervyusida Rossiya Ukraina bilan ziddiyatda g‘alaba qozonsa, Yevropa nufuzini butunlay yo‘qotishini ta’kidladi.
– Biz maqsadimizga erishish uchun hamma ishni qilamiz, – dedi Makron. – Agar Rossiya g‘alaba qilsa, fransuzlar hayoti o‘zgaradi, xavfsizligimizga putur yetadi. Ukrainada fransuzlar va Yevropa xavfsizligi tikilgan. Agar Rossiya yutsa, bu Yevropa nufuzini yo‘qqa chiqaradi.
***
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Turkiyaga tashrifi aprel oyida amalga oshiriladi, deb xabar tarqatdi “Ensonhaber” axborot portali tegishli manbalarga tayanib.
Avvalroq Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Putinni 31-mart kuni Turkiyada mahalliy organlarga bo‘lib o‘tadigan saylovdan keyin kutib olishga umid qilayotganini bildirgan edi.
***
Davlat departamenti matbuot kotibi Mettyu Miller, mazkur idora bayonotiga ko‘ra, Rossiyaning Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, Zaporoje va Xerson viloyatlari hamda Qrimda o‘tkazilayotgan prezident saylovining qonuniyligi tan olinmasligini qayd etdi.
Shunga o‘xshash bayonotlar avvalgi yillari o‘tkazilgan saylovlar arafasida ham yangragan edi. Rossiya hukumati Moskva o‘z hududidagi saylov jarayonini hech bir mamlakat bilan muhokama qilmasligini ta’kidlab keladi.
***
Amerika Qurolli kuchlari Shimoliy qo‘mondonlik (NORTHCOM) rahbari Gregori Giyo kongressda so‘zga chiqib, o‘tgan hafta Rossiyaning ikki Tu-95 bombordimonchi samolyoti AQSH va Kanada havo hujumiga qarshi mudofaa hududiga yaqin joydan uchib o‘tdi, deya bayonot berdi.
Tu-95MS strategik bombardimonchi samolyot RF harbiy-fazoviy kuchlarining uzoq masofaga parvoz qiladigan aviatsiyasi tarkibiga kiradi. Mazkur uchoq, odatda, X-55 qanotli raketalarini olib yuradi.
***
Gaiti poytaxti Port-o-Prensda yuz berayotgan jinoiy guruhlar ishtirokidagi tartibsizlik sharoitida milliy qamoqxonada yong‘in sodir bo‘ldi, deb yozdi mahalliy “Gazette Haiti” nashri.
Yong‘in sababi aniqlanmagan, faqat shunisi ma’lumki, mamlakatda tartibsizlik boshlangandan keyin qamoqxonada biror mahbus qolmagan.
***
Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun NATO a’zolariga siyosiy iroda kerak, dedi Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi Yens Stoltenberg. Tashkilot rahbari ta’kidlashicha, NATO mamlakatlari Ukrainaga yanada ko‘proq qurol-aslaha yetkazib bera oladi, faqat buning uchun ularga siyosiy iroda kerak.
***
Oyga va Marsga uchish uchun “SpaceX” kompaniyasi tomonidan yaratilgan “Starship” koinot kemasiga Texas shtatida start berildi. Bu uchinchi sinov parvozi hisoblanadi, deb yozgan “RIA Novosti”.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, start va parvozning birinchi bosqichi juda yaxshi kechgan. Rejaga ko‘ra, sinov parvozi bir soatdan ko‘proq cho‘zilishi kerak, shu vaqt mobaynida dvigatellar sinovdan o‘tadi.
“Starship” koinot parvozi uchun hozirgacha yaratilgan eng yirik va qudratli tizim hisoblanadi. Raketaning balandligi 121 metr, aylanasi, taxminan, 9 metr atrofida.
S.Rahimov, O‘zA