Vengriya TIV NATO Bosh kotibi lavozimiga Ryutte nomzodini rad etdi
Vengriya Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryuttening NATO Bosh kotibligiga nomzodini qo‘llab-quvvatlamaydi, chunki u Budapeshtni tiz cho‘ktirmoqchi bo‘lgandi, deb bayonot berdi mamlakat tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto.
“Politico” gazetasi yozishicha, alyansga a’zo mamlakatlarning uchdan bir qismi, hatto AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Ryutteni qo‘llab-quvvatlagan. Yangi Bosh kotib tasdiqlanishi uchun yuz foiz ovoz zarur.
Gaaga sudi rossiyalik ikki harbiy rahbarni qamoqqa olish uchun order berdi
“RIA Novosti” yozishicha, Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) Rossiya harbiy kosmik kuchlari aviatsiya qo‘mondoni Sergey Kobilash va Qora dengiz floti qo‘mondoni Viktor Sokolovni qamoqqa olish bo‘yicha order berdi.
XJS “Kobilash va Sokolov qo‘l ostidagilarning Ukraina elektr energetika infratuzilmasiga raketa zarbalari bergani uchun javobgar hisoblanadi” deya bayonot bergan.
Guvohlarni himoya qilish va tergov xavfsizligini ta’minlash uchun orderga “maxfiy” xususiyati berilgan.
Polshada dronlar qo‘shini tashkil etiladi
Polsha milliy mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish ma’lum qilishicha, ushbu mamlakat dronlar qo‘shinini tuzmoqchi.
“Ukraina urushidan xulosa chiqargan holda, dronlar qo‘shini komponentini yaratib, qo‘shin tashkil etamiz”, – degan Kosinyak-Kamish.
Bu yerda gap faqat uchoqlar emas, balki dengiz droni va quruqlikda harakatlanadigan texnika haqida ham borayotgani ta’kidlangan.
Hindiston qo‘shini Maldivni qachon tark etishiga aniqlik kiritildi
Maldiv orollari Prezidenti Muhammad Muizzu bayonot berishicha, Hindiston harbiy xizmatchilarini orol hududidan 10-maygacha olib ketishi kerak. Bu haqda “The Times of India” gazetasi yozgan.
“10-maydan keyin mamlakatda Hindiston qo‘shini bo‘lmaydi, men buni ishonch bilan aytyapman”, – degan u.
Maldivda Hindistonning 88 nafar harbiy xizmatchisi bor. Ular Nyu-Dehli homiylik qilayotgan radiolakatsiya stansiyasi hamda kuzatuv samolyotlariga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, hind harbiy kemalari Maldiv iqtisodiy hududini qo‘riqlashga ham yordam beradi.
Turkiyada harbiy vertolyot favqulodda qo‘ndi
Turkiyaning sharqiy qismida harbiy samolyot majburiy qo‘nishni amalga oshirdi, hodisa tufayli jabrlanganlar bor, deb xabar tarqatdi “TRT Haber” davlat telekanali.
Harbiy mashina Urla tumanidagi Bademler qishlog‘ida ochiq dalaga qo‘nganda bir kishi jarohat olgan. Ayni payt yarador harbiy kasalxonaga yotqizilgan.
G‘arb Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkin
TASS agentligi yozishicha, Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchich “Bizni ko‘plab murakkab vaziyatlar kutmoqda”, degan.
– Ukrainaga g‘arb tanklari yuborilishi haqida gap chiqqanda, ko‘pchilik hech qachon bunday bo‘lmaydi, degandi. Binobarin, ayni voqea yuz berdi. Xuddi shunday gap-so‘z samolyotlar haqida ham kuzatildi. Garchi, samolyot hali rasman jo‘natilmagan bo‘lsa-da.
– Hozir Ukrainaga g‘arb qo‘shini kiritilishi haqida gaplar yuribdi, – degan Serbiya rahbari. – Ayrimlar bu taxmin asossiz, demoqda. Afsuski, shunday ham bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron G‘arb mamlakatlari qo‘shinini Ukrainaga jo‘natish masalasi istisno etilmaydi, degan.
Britaniya Ukrainaga yangi snaryad jo‘natadi
Buyuk Britaniya apreldan iyungacha Ukrainaga zambarak snaryadi yetkazib bera boshlaydi, dedi mamlakat mudofaa vaziri o‘rinbosari Jeyms Xippi.
Fevral oyi oxirida Buyuk Britaniya hukumati Ukrainaga o‘q-dori sotib olishi va 2025-yil o‘q-dori ishlab chiqarish zanjirini tashkil etishi uchun 245 million funt yordam ajratishini ma’lum qilgan.
AQSH G‘azoga harbiy jo‘natishni rejalashtirmayapti
Hozir amerikalik harbiylarni G‘azo sektoriga jo‘natish rejalashtirgani yo‘q, deb bayonot berdi Pentagon rasmiy vakili Patrik Rayder.
2023-yil noyabrda Amerika matbuoti Pentagon rahbarining maxsus amaliyot bo‘yicha yordamchisi Kristofer Mayerga tayanib, AQSH maxsus topshiriqlarni bajaruvchi kuchlari garovdagilarni qidirishda yordam berish uchun Isroilga yetib keldi, deb yozgan edi.
NATO sobiq bosh kotibi Yevropani harbiy iqtisodiyotga o‘tishga chaqirdi
NATO sobiq rahbari Anders Fog Rasmussen Trampning AQSH prezidentligiga qaytish ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rish uchun Yevropani harbiy iqtisodiyotga o‘tishga chaqirib, mudofaa sohasiga sarflanayotgan xarajatni oshirish zarurligini ta’kidladi.
“Yevropa harbiy iqtisodiyotga o‘tishi, Ukrainaga barcha zarur qurollarni berishi kerak”, - dedi u Shveysariyaning “Neue Zürcher Zeitung” gazetasiga intervyu berganda.
Rasmussen ta’kidlashicha, sobiq Prezidentning Oq uyga qaytish ehtimoli NATO uchun “xavf” tug‘dirishi mumkin.
“Tesla” Berlindagi zavodi tufayli yuz million yevro ziyon ko‘rdi
So‘l ayirmachilarning Berlin yaqinida kichik elektr qurilmasiga hujumi oqibatida “Tesla” zavodi turib qolishidan ko‘rilgan zarar 100 million yevroga baholanmoqda. Zavodning 12 mingdan ziyod xodimi qayta ishga olinmayapti, dedi kompaniya vakili Andre Tirig matbuot anjumanida.
O‘tgan hafta majmua yoqib yuborilgach, Ekner shahri va Berlinning ikki tumani elektr ta’minotidan uzildi. Zavod faoliyati kelasi hafta tiklanishi taxmin qilinyapti.
S.Rahimov, O‘zA