Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Guterrish: Ko‘p qutbli dunyo tartibsizlik xavfini keltirib chiqarmoqda
– Dunyomiz kun sayin xavfga to‘lmoqda, – dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Jenevada Inson huquqi bo‘yicha Kengashning 55-chi sessiyasi ochilishida so‘zga chiqib. – Qudratli davlatlar o‘rtasida o‘n yillab hukm surgan barqaror munosabatdan so‘ng biz ko‘p qutbli davrga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu xalqaro darajada yetakchilik va adolatni ta’minlash uchun yangi imkoniyat yaratmoqda. Afsuski, kuchli xalqaro institutlarsiz ko‘p qutblilik tartibsizlik keltirib chiqarishi mumkin.
Turkiyada shaxta o‘pirildi
Turkiya sharqida yuz bergan falokat tufayli odamlar tuproq ostida qolgan, deya xabar tarqatdi “CNN Türk” telekanali.
Voqea Elazigedagi Olajakay tumanida ro‘y bergan. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, uch kishi kon ichida qolgan. Ayni payt qutqaruv ishlari olib borilyapti.
Ekvadorda yanvardan buyon o‘n mindan ortiq jinoyatchi hibsga olingan
Ekvador politsiyasi va armiyasi 9-yanvar kuni mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingach, uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi amalga oshirilgan “Feniks” rejasi doirasida 10 mingdan ortiq kishini hibsga oldi. Ularning 268 nafari terrorda ayblanmoqda.
Jinoyatchilardan 3 ming 40 dona o‘q otar qurol, 19 919 dona portlovchi qurilma musodara qilingan.
Hindistonlik fermerlar poytaxtga traktorlarda kelishmoqda
Fevral o‘rtalarida norozilik chiqishlarini boshlagan hindistonlik fermerlar mamlakat poytaxtiga qarab traktor va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarida yurish boshladi, deb xabar tarqatdi “NDTV” telekanali.
Fermerlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eng kam narxini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qonun chiqarilishini talab qilmoqda. Shuningdek, namoyishchilar yoshi 60 dan oshgan fermerlarga pensiya berilishi, soliq kamaytirilishi, olingan kredit qaytarilishi bekor qilinishi kabi talablarni ham ilgari suryapti. Qolaversa, Hindistonning Jahon savdo tashkilotidan chiqishi hamda ayrim mamlakatlar bilan erkin savdo bo‘yicha kelishuv muzlatilishi kabi talablar ham qo‘yilmoqda.
Berbok Putin haqida keskin bayonot berdi
Ukraina mojarosi uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga bosim o‘tkazish kerak, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok “ZDF” nashriga bergan intervyusida.
– Hozir Putin tinchlik istamayapti, –dedi Berbok. – U urushni to‘xtatmoqchi emas. Binobarin, harbiy harakat ertagayoq to‘xtatilib, tanklar olib chiqib ketilishi mumkin. Biz Ukrainani harbiy maqsadda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishimiz kerak.
Bundan tashqari, GFR tashqi siyosat mahkamasi rahbari Xitoy, Eron va Shimoliy Koreyaga ham bosim o‘tkazish kerakligini aytgan.
Bayden Ukraina masalasida kongress yetakchilari bilan uchrashadi
Oq uy rahbari kongressni Ukrainaga yordam ko‘rsatishga qaratilgan qonun loyihasini ma’qullashga undab ko‘radi.
Kiyevga 60 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratilishi demokratlar nazorati ostidagi senat a’zolari tomonidan ma’qullangan. Qonun loyihasini ma’qullash jarayoni respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etadigan Vakillar palatasiga kelib to‘xtab qolgan.
Rim papasi Ukraina mojarosi qachon tugashini bilmaydi
Rim papasi Fransisk yana bir bor Ukraina mojarosiga diplomatik yo‘l bilan yechim topish kerakligini ta’kidladi.
– Ukrainada keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlanganiga ikki yil to‘ldi, – dedi u Vatikandagi chiqishida. – Ko‘plab qurbonlar, yaradorlar bor, vayronagarchilik, ko‘z yoshi davrining oxiri ko‘rinmayapti.
Misrda yo‘lovchi qayig‘i cho‘kib ketdi
Nil daryosida qurilish kompaniyasi ishchilari ketayotgan qayiq cho‘kib ketib, sakkiz inson qurbon bo‘ldi.
“Sada El Balad” telekanali axborotida olti kishi qutqarib olingani ham qo‘shimcha qilingan. Hodisa Giza muzofoti Munshoat Al-Kanater tumanida ro‘y bergan.
Lukashenko 2025-yil prezident saylovida ishtirok etishini e’lon qildi
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko fikricha, hozir shunday davrki, prezidentlikdan ketish sotqinlik bilan barobar.
– Ko‘plar meni yoqtirmaydi, chunki kelishuvlar, qabul qilingan qarorlar bajarilishini qattiq talab qilaman, – dedi Belarus yetakchisi jurnalistlar bilan uchrashuvda. – Agar ko‘rsatmadar bajarilmasa, mavjud hukumat ustuni vayron bo‘ladi, jamiyat cho‘kadi.
Saidmurod Rahimov, O‘zA