Davlatobod tumanidagi “Do‘stlik” sport majmuasi kortlarida O‘zbekiston tennis federatsiyasi, respublika Sport vazirligi, Xalqaro tennis federatsiyasi hamda Namangan viloyat hokimligi hamkorligida tennis bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnir yakuniga yetdi.
Namangan shahrida har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinadigan “J100” tasnifiga kiruvchi ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz sportchilari bilan bir qatorda Avstraliya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Pokiston, Tailand, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston davlatlaridan kelgan yuzga yaqin iqtidorli raketka ustalari g‘oliblik uchun bellashdi.

Turnirning yakka bahslarida yigitlar ishtirokida hal qiluvchi o‘yinga rossiyalik sportchi yoshlar Ivan Gretskiy va Artyom Bogomolov kortga chiqdi. Ikki set natijasiga ko‘ra, 6:2, 6:4 hisobida zafar quchgan A.Bogomolov bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Ushbu ikki finalchining omadi juftliklar o‘rtasidagi raqobatda kulib boqqani yo‘q. Ular hal qiluvchi o‘yinda Se Xyuk Cho (Koreya) / Penn Charusorn (Tailand) “tandemi”ga 5:7, 6:3 (10:2) hisobida imkoniyatni boy berdi.

Qizlar o‘rtasida yakka bahsda final uchrashuvida rossiyalik Aleksandra Pozarenkoni 3:6, 6:3, 6:3 hisobida taslim etgan koreyalik Li Xyunye g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Juftlik bellashuvlarda bosh sovrin Rossiya Federatsiyasi tennischilariga nasib qildi. Unda Annna Bazderova / Vladislava Fomina “dueti” Aleksandra Pozarenko / Melina Subxanqulova “tandemi”ni 1:6, 6:4 (10:8) hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Xalqaro turnirning tantanali yopilish marosimida g‘oliblar qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.