Dunyo tanigan dzyudochilar Abu-Dabida bellashadi
42 ta mamlakatning 232 nafar dzyudochilari ishtirok etadigan Abu-Dabi xalqaro turnirida mamlakatimizning 12 nafar sportchisi ishtirok etadi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 26-28 noyabr kunlari o‘tadigan musobaqada mamlakatimiz sharafini Diyora Keldiyorova (52), Dilshodbek Baratov (60), Dilshodbek Yo‘ldoshev (66), Jaloliddin Boynazarov, Hikmatulloh To‘rayev (ikkalasi ham 73 kg.da), Suhrob Tursunov, Arslonbek Tojiyev(ikkalasi ham 81 kg.da), Davlat Bobonov, Doston Meyliyev(ikkalasi ham 90 kg.da), Muzaffarbek To‘raboyev, Aqlmurodbek Xudoyberdiyev(ikkalasi ham 100 kg.da) va Shohruh Mamarasulov(+100) himoya qilishadi.

Xalqaro dzyudo federatsiyasi taqvimidan o‘rin olgan yilning eng so‘nggi “Katta Dubulg‘a” turnirida o‘nlab olimpiya o‘yinlari sovrindorlari, jahon chempionlari ishtirok etishini nazarda tutsak, Abu-Dabi tatamisidagi kurashlar jahon chempionatidagi bellashuvlar darajasida murosasiz o‘tishini anglash qiyin emas.
Xalqaro turnir talabnomalariga binoan bellashuvlarda 144 nafar erkak, 88 nafar ayol dzyudochilar o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun tatamiga chiqishadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA