Dunyo oshxonasi taomlari “Tasanno – 2019”da
Katta mahorat, yuksak did bilan tayyorlangan lazzatli taomlar, rang-barang salat va mazali shirinliklarga toʻla dasturxon, har bir mehmonni oʻzgacha lutf, hurmat-ehtirom bilan samimiy qarshi olayotgan mezbonlar...
Katta mahorat, yuksak did bilan tayyorlangan lazzatli taomlar, rang-barang salat va mazali shirinliklarga toʻla dasturxon, har bir mehmonni oʻzgacha lutf, hurmat-ehtirom bilan samimiy qarshi olayotgan mezbonlar... Bu odatiy mehmondoʻstlik, milliy taomlarning shunchaki taqdimoti emas, doʻstlik, ahillik, hamjihatlik, mehr tortigʻi aslida.
“Tasanno” orqali turli millat, elat va xalqlar ana shunday dillashmoqda, tillashmoqda, bir-biriga yana ham yaqinlashmoqda. Poytaxtimizdagi "Lotte city Hotel Tashkent Palace” mehmonxonasida boʻlib oʻtgan “Tasanno – 2019” xalqaro milliy taomlar festivali ham mana shu ezgu anʼanani davom ettirdi.
Festival Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, poytaxtning yetakchi restoranlari, madaniy markazlari koʻmagida tashkil etildi.
Unda Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya va Oʻzbekistondagi xorijiy mamlakatlar elchixonalari hamda keng jamoatchilik vakillari, yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdi.
“Tasanno – 2019”da Isroil, Xitoy, Latviya, Indoneziya, Belarus, Turkmaniston, Qozogʻiston va Oʻzbekistondan oshpazlar qatnashdi. Doʻstlik jamiyatlari, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan qator milliy markazlar ham ishtirokchilar safidan joy oldi.
Tadbirga tashrif buyurganlar turli xalqlarning milliy taomlaridan tatib koʻrish, ularning tayyorlanish usullari haqida maʼlumotga ega boʻldi.
– Oʻzbekistonga kelganimga bir oy boʻldi, – dedi Viyanene Saburin (Fransiya). – Shu qisqa vaqt ichida milliy taomlaringizdan koʻpini tatib koʻrdim. Palovning taʼrifini koʻp eshitgandim, uni birinchi marta tanovul qilganimdayoq maqtashganidan ham ziyoda ekaniga ishondim. Men hatto uni tayyorlab koʻrdim, afsus, natija koʻngildagidek boʻlmadi. Menga goʻshtli taomlar ham manzur boʻldi. Ayniqsa, somsa, norin, kabob juda mazali ekan. Festival orqali oshpazlardan ularning tayyorlanishi haqida bilib olishga harakat qildim.
Ishtirokchilar mahoratini oʻzbekistonlik mashhur oshpazlar – milliy taomlar sanʼatining xalqaro va respublika tanlovlari laureatlari, xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat hayʼat aʼzolari baholadi.
– Bunda taomlarning tayyorlanish texnologiyasi, ishtaha ocharligi, milliyligi, uni namoyish qilib, mehmonlarga taqdim qilish sanʼati va albatta, oshpazlar mahoratiga alohida eʼtibor qaratildi, – dedi hayʼat aʼzosi, xalqaro toifadagi bosh oshpaz Abdusattor Samadov. – Bu yilgi festivalning avvalgilaridan farqi aynan milliylikka yanayam koʻproq urgʻu berilganida namoyon boʻldi.
Festivalda Gran-pri, shuningdek, uchta faxrli oʻrin boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Unga koʻra, birinchi oʻrin latviyaliklarga nasib etdi. Ikkinchi oʻrinni Isroil, uchinchi oʻrinni Xitoy jamoasi egalladi.
Festival Gran-prisiga esa indoneziyaliklar sazovor boʻldi.