Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va “UNICEF” qo‘shma hisobotida aytilishicha, yer yuzidagi har to‘rtinchi odam haligacha toza ichimlik suvidan foydalana olmaydi.
– 2015 yildan buyon erishilgan ijobiy natijalarga qaramay, jami 2,1 milliard inson hanuz toza suvdan bahramand emas, sayyoramizning 106 million aholisi esa bevosita tozalanmagan suv manbalaridan iste’mol qiladi, – deyilgan hujjatda. – Shuningdek, 3,4 milliard kishi xavfsiz sanitariya va gigiyena sharoitiga ega emas, 1,7 milliard odam haliyam uyida oddiy gigiyena xizmatidan foydalana olmaydi.

Kam ta’minlangan mamlakatlarda, zaif sharoitda, qishloqlarda yashovchi odamlar, bolalar, shuningdek etnik ozchilik va mahalliy xalq vakillari o‘ta sezilarli tengsizlikka duch kelmoqda.
Bolalar xavfsiz suv, sanitariya va gigiyenadan mahrum bo‘lsa, ularning sog‘lig‘i, ta’limi va kelajagi xatar ostida qoladi. Bunday tengsizlik, ayniqsa, suv to‘plash yuklamasi zimmasiga tushadigan, o‘smirligida qo‘shimcha qiyinchilikka duch keladigan qizlarga keskin xavf soladi.

Hozir har bir bola uchun xavfsiz suv va sanitariya ta’minlanishi bilan bog‘liq majburiyatni bajarish tobora qiyinlashmoqda, deyilgan UNICEF huzuridagi “Suv, sanitariya va gigiyena dasturi” direktori Sesiliya Sharp keltirgan hisobotda.
S.Rahimov, O‘zA