«Dunyo» Axborot agentligi va «Kabar» Qirg‘iziston Milliy axborot agentligi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi
Qirg‘iziston Prezidentining bugun O‘zbekistonga boshlanadigan davlat tashrifi va oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar arafasida Tashqi ishlar vazirligining «Dunyo» axborot agentligi va «Kabar» Qirg‘iziston Milliy axborot agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi, deb xabar bermoqda, «Dunyo» AA muxbiri.
Ushbu muhim hujjat o‘zbek, qirg‘iz va rus tillarida «Dunyo» Axborot agentligi direktori Omonulla Fayziyev va «Kabar» QMAA direktori Mederbek Shermetaliyev tomonidan imzolandi.
Uch yilga mo‘ljallangan va keyinchalik uzaytirish sharti bilan imzolangan mazkur bitim O‘zbekiston va Qirg‘izistonda kechayotgan muhim voqealarni, jumladan, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar to‘g‘risidagi va boshqa yangiliklarni «Dunyo» Axborot agentligi va «Kabar» QMAA minbari vositasida xolis yoritish hamda keng jamoatchilikka tezkor yetkazishni nazarda tutadi.
O‘zA