“O‘zbekfilm” kinokonsernida bo‘lib o‘tgan galdagi tadbir “O‘zbek dublyaji san’ati 85 yoshda” deb nomlandi. Unda “Dublyaj san’ati tarixi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbek dublyaj san’ati darg‘alari va keng jamoatchilik vakillari qatnashgan ushbu tadbir milliy dublyajimiz tarixi va bugungi kunda ushbu yo‘nalishdagi yutuqlar hamda “Dublyaj san’ati tarixi” kitobi mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi.

Unda dublyaj san’ati ustasi, aktrisa Mukambar Rahimova milliy dublyajimiz tarixini o‘rganish yosh ijodkorlar uchun katta maktab bo‘lishini ta’kidladi.

–Milliy dublyaj san’atimiz juda boy tarixga ega. Bu tarixiy jarayonlarning barchasini esa aslida bir kitobda namoyon etish imkonsiz. “O‘zbek dublyaj san’ati 85 yoshda” tadbiri doirasida “Dublyaj san’ati tarixi” kitobining taqdim etilishi bu oddiy voqelik emas. Buning ortida katta mehnat yotibdi. Yo‘qolib ketgan va har turli manbalarga sochilib ketgan dublyajga oid ma’lumotlarni bir joyga to‘plash oson bo‘lmadi. Buning yo‘lida mehnat qilganlarga tasannolar aytsak arziydi. Ko‘pchilik kitobda falon ijodkor yoritilmabdi, falon dublyajdagi voqelik yoritilmabdi deyishmoqda. Lekin ishoning, bu tashabbuslar hali davom etadi. Keyingi yillarda ham bunday nashrlarni tayyorlash va mehnat qilishda davom etamiz, – dedi M. Rahimova.

Qayd etilganidek, “Dublyaj san’ati tarixi” kitobida ushbu yo‘nalishdagi muhim va boy manba hisoblanadi. Unda milliy dublyajimiz tarixi, sohada o‘chmas iz qoldirgan shaxslar haqida ma’lumotlar, iqtiboslar, dublyajda erishilgan yutuqlar va muhim voqealar o‘rin olgan.

–Milliy dublyaj san’atimiz o‘ziga xosdir, – dedi dublyaj rejissyori Komiljon Tursunboyev. – Ammo oxirgi yillarda bu sohaga bo‘lgan e’tibor keskin pasayib ketgan edi. Mana endi muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil "Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalida nihoyat o‘zbek dublyaji alohida e’tirof etiladigan bo‘ldi. 85 yil… Bu vaqt mobaynida ushbu san’at nimalarni ko‘rmadi, ne-ne afsonalarni, iste’dod sohiblarini kashf etmadi deysiz. O‘ylaymanki, buyog‘iga ham milliy dublyajimiz yana pog‘onama pog‘ona oldinga qadam qo‘yib boraveradi.

Tadbir davomida o‘zbek dublyajiga oid muhim eksponatlar hamda fotosuratlar jamlangan dublyaj san’ati muzeyining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zA.