O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh direktori doktor Tarifa Al Zaabi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan sohalarda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq imkoniyatlar va o‘zaro manfaatlarni o‘rganishga qaratilgan.
Xususan, memorandum ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, iqlim o‘zgarishi natijalarini yumshatish va moslashish sohasida tajriba, axborot, eng yaxshi amaliyot va zamonaviy texnologiyalar bilan almashish, O‘zbekistonda barqaror qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga chidamli amaliyotga yo‘naltirilgan loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Bundan tashqari, memorandum doirasida sohada faoliyat yuritadigan ayollarning yetakchilik salohiyatini oshirish, tadqiqot ishlarini olib borish ko‘nikmalarini o‘rgatish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilish jarayonlariga jalb etish, muhim sohalarda hamkorlik qilishni o‘z ichiga oladi. Memorandum besh yilga mo‘ljallangan va avtomatik tarzda uch yil davomida keyingi muddatlarga uzaytiriladi.
Muzokaralar doirasida O‘zbekistonda ICBA vakolatxonasini ochish bo‘yicha chora-tadbirlarni tezlashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA