Dual ta’lim: yoshlar korxonalarda tajriba oshirmoqda
Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltirish, talabgor kasblarga o‘qitish, ta’lim muassasalarida dual ta’limga e’tiborni kuchaytirish bugungi kunda g‘oyatda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
An’anaviy ta’limda talabalar asosiy vaqtlarini auditoriyalarda o‘tkazib, nazariy bilim oladi. Yangi tajriba esa nazariy ta’lim amaliyot bilan uyg‘unlashtiriladi. Bu yoshlarga o‘qish davridayoq haqiqiy ish muhitiga moslashish imkonini beradi.

Vazirlar Mahkamasining “Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari haqida”gi qarorida ham aynan shu jabhalar qamrab olingan. Shuni e’tiborga olgan holda Toshkent viloyatida ham korxonalar va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amaliy ishlar boshlangan.


Xususan, Ohangaron tumanidagi 2-son politexnikumi tomonidan maishiy texnikalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Premier Electrotech” MCHJ hamda “Trend Tex” trikotaj korxonasi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, dastlabki kelishuvlarga erishildi. Mazkur politexnikumda hozirda14 ta guruhda 390 nafar o‘quvchi bilim olmoqda. O‘zaro muloqot davomida tuman hokimi o‘rinbosari Mirzabek Tashbayev, Toshkent viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek To‘xtayev hamda politexnikum direktori Turdiqul Marg‘oziyev ishtirok etdi.


Shuningdek, Yangiyo‘l tuman 2-son politexnikumda ham 11 ta kasblar bo‘yicha 603 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Hozirgi kunda 30 dan ortiq korxona va tashkilotlar bilan o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari tuzildi. Jumladan, politexnikum 2024-2025 o‘quv yilida “ENTER STEEL” MCHJ bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, dual ta’lim payvandlovchi kasbi bo‘yicha 26 nafar o‘quvchiga bilim bermoqda.

Ta’lim dargohi rahbariyati tomonidan 2025-2026 o‘quv yilidan gaz-plazma kesish jihozlari sozlovchisi hamda metallarga ishlov berish kasbi, quyosh panellarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha chilangar, tikuvchi, sartarosh kabi kasblar bo‘yicha ko‘plab korxona va xizmat ko‘rsatish nuqtalari bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan.

– Shu kunlarda Toshkent viloyatidagi kasb-hunar texnikumlari o‘quvchilarini amaliyotga jalb qilish, tajribali ishchilarga “Ustoz shogird” an’anasi asosida biriktirishga harakat qilinmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan uchrashuvlarda korxonalar mas’ullari ham o‘z takliflarini bildirmoqda. Bu orqali yoshlarga qulay ish sharoitini tashkil qilishga erishamiz, – deydi Toshkent viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek To‘xtayev.
A.Musayev, O‘zA