Dual ta’limda amaliy ko‘nikmalar rivojlanadi. Talabalarga nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirib ta’lim olish imkoni beriladi. Muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri esa ta’lim muassasalari va korxonalar o‘rtasidagi xamkorlikdir.
“Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki va Toshkent shahridagi Belarus - O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti hamkorligida dual ta’lim dasturi amalga oshirildi.

Muhandislik-texnik yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni texnopark sharoitida o‘tashdi. Mashg‘ulotlar davomida talabalar zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, uskunalar bilan ishlash, ishlab chiqarish jarayonini boshqarish, muammolarni amaliy yechish kabi ko‘nikmalarni egalladi.

Ushbu dasturni tamomlagan talabalar sertifikatlar bilan taqdirlandi. “Inno” texnoparki va institut o‘rtasidagi hamkorlik asosida yangi o‘quv guruhlari uchun dual ta’lim dasturlarini davom ettirish rejalashtirilgan. Soha vakillarining fikricha, ushbu tizim talabalarning malakasi va kasb mahoratini, ham mehnatni tashkil etish samaradorligini oshiradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA