Dual ta’lim – bilim, tajriba va bandlik uyg‘unligini ta’minlaydi
Farmon va ijro
Bugun oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisining muvaffaqiyati nafaqat diplomi, balki nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishi, mustaqil qaror qabul qilishi va muammolarga yechim topishi bilan ham belgilanadi. Buning uchun ta’limni mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiqlashtirish va ish beruvchilarni kadrlar tayyorlash jarayoniga jalb qilish zarur.
Dual ta’lim aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Talaba oliy ta’lim dargohida nazariy bilim oladi, ish joyida esa ularni amaliyotda qo‘llashni o‘rganadi.
Prezidentimizning 2026-yil 29-sentabrdagi «Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni shu maqsadga qaratilgan.
Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi katta o‘qituvchisi Umid Sobirov farmonning ijrosi bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Dual ta’lim yoshlarning ish tajribasiga ega bo‘lish bilan bog‘liq muammolarini o‘qish davridayoq hal qilishga yordam beradi. Masalan, yuridik ta’lim olayotgan talaba huquqiy bilimlarini davlat organlarida fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, ma’muriy qarorlarni tahlil qilish va huquqiy yechimlar ishlab chiqishda qo‘llashi mumkin. Bu jarayonda u kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish bilan birga o‘z faoliyati uchun mas’uliyatni ham his qilishni o‘rganadi.
Ta’lim jarayoni oliy ta’lim dargohi, korxona yoki tashkilot va talaba o‘rtasidagi uch tomonlama shartnoma asosida tashkil etiladi. Ish beruvchi talabaga har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘laydi, talaba esa o‘qishni tamomlagandan keyin kamida ikki yil shu korxonada yoki uning tizimidagi tashkilotlarda ishlab berishi lozim. O‘quv jarayonining kamida 30 foizi nazariy ta’limga, qolgan qismi esa korxonadagi amaliy tayyorgarlikka ajratiladi.
Bu tizim talaba, oliygoh va ish beruvchi uchun birdek manfaatli. Talaba ish tajribasi va daromadga ega bo‘ladi, ish beruvchi kelajakdagi xodimini tayyorlashda qatnashadi, oliygoh esa mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib ta’lim mazmunini takomillashtiradi.
Farmonda ish beruvchilarni rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan. Jumladan, 2027-yil 1-yanvardan belgilangan ayrim texnik va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida dual ta’lim talabalariga to‘langan ish haqining 50 foizini davlat byudjetidan subsidiya sifatida qoplash belgilangan.
Xorijiy tajribaga nazar tashlansa, nazariy ta’lim hamkor tashkilotlardagi amaliy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashtirilgan.
O‘zbekiston uchun bunday tajribalardan chiqariladigan muhim xulosa – talabaning ish joyida o‘tkazgan vaqtinigina emas, balki egallagan ko‘nikmalari va erishgan natijalarini ham baholash zarur. Huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash, dalillarni tahlil qilish, huquqiy pozitsiyani asoslash va kasb etikasiga rioya qilish shunday mezonlardan bo‘lishi mumkin.
Mamlakatimizda ham yuridik ta’limni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Toshkent davlat yuridik universitetida amaliy o‘qitish, klinik va dual ta’lim tamoyillariga asoslangan tizim joriy etilgan.
Unga ko‘ra, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari ta’lim dasturlarining 50 foizini auditoriyada, qolgan qismini esa sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik tashkilotlarda o‘zlashtirishi nazarda tutilgan.
2027/2028 o‘quv yilidan bu tajribani boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida ham joriy etish rejalashtirilgan.
Dual ta’lim samaradorligi oliy ta’lim dargohi, ish beruvchi va talaba o‘rtasidagi hamkorlikka bog‘liq. Buning uchun nazariy mashg‘ulotlar va ish joyidagi vazifalar muvofiqlashtirilishi, talabaga tajribali ustoz biriktirilishi hamda uning ko‘nikmalari aniq mezonlar asosida baholanishi zarur.
2027-yil 1-yanvardan ustozlar uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish va har bir ustozga ko‘pi bilan 15 nafar talaba biriktirish belgilangani ham amaliy tayyorgarlik sifatini oshirishga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, dual ta’lim bilim, tajriba va bandlikni o‘zaro bog‘lab, yoshlarning mehnat bozoriga puxta tayyorgarlik bilan kirib borishiga zamin yaratadi. Ayniqsa, yuridik ta’limda bu yondashuv qonunni biladigan, uni amalda qo‘llay oladigan, mustaqil fikrlaydigan va o‘z qarorlari uchun mas’uliyatni his qiladigan mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA