DTM yangi mezonlar asosida ishlamoqda
Jadal taraqqiyot ta’lim tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bilan bevosita bog‘liqdir.
Jadal taraqqiyot ta’lim tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bilan bevosita bog‘liqdir. Ma’lumki, ta’limdagi islohotlar rivojlanishning poydevori bo‘ladi. Mamlakatimizda bu borada amaliy ishlar qilinmoqda. Birgina test tizimidagi o‘zgarishlar, yangiliklar bunga misol bo‘la oladi.
Ish bor joyda kamchilik bo‘lishi tabiiy. O‘tgan yillarda o‘tkazilgan test sinovlari ham kamchiliklardan xoli bo‘lmagan. So‘nggi yillarda test tizimini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan o‘ta muhim qarorlar asosida o‘zgarishlar kiritildi, yangiliklar joriy etilayapti. Zamonaviy texnologiyalar asosida test tizimini takomillashtirish ishlari uzluksiz davom etayapti.
1993 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (DTM) faoliyati shu vaqtga qadar biror marta ochiq ko‘rsatilmagan edi. Kuni kecha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi va DTM boshqarmalari faoliyati bilan tanishtirildi.
Markazda o‘ttizga yaqin test turidan sinovlarni o‘tkazish ishlari olib borilayapti.
– Barcha test turlaridan ko‘ra yozgi test sinovlari og‘ir va sinovli jarayon, – deydi Davlat test markazi direktori Majid Karimov. – Bunda noroziliklar bo‘lishi tabiiy hol. Oshkoralik, adolatlilik nuqtai nazaridan test jarayonlarini tashkil etishga harakat qilayapmiz. Lekin hali oldimizda talay vazifalar turibdi. Jarayonlarni texnik kuzatish borasida ishlar qilinayapti. Ilk bor tashkil etilgan bu ochiq sayohat tizimning shaffofligini OAV vakillari ko‘rishi, aholiga yetkazishi uchun o‘tkazilayapti. Sizlar vositachisiz. Yozgi test jarayonlarida bir million yosh test topshirgan bo‘lsa, shundan yuz mingga yaqini talabalikka tavsiya qilindi. Qolganlari norozi bo‘lishi tabiiy. Bu arizachilar soni va qabul kvotalari bilan bog‘liq. Yildan-yilga talabalikka qabul kvotalarini oshirish rejalashtirilayapti. Agar kvotalar oshirilaversa, testga ehtiyoj ham qolmaydi. Test qachonki tanlov bo‘lsa amalga oshiriladi. Test – bilimni baholashning takomillashgan usuli sifatida qaralmaydi. Lekin hozirda bu tanlov yo‘li asosiy vosita.
OAV vakillari birinchi bo‘lib test markazidagi chet tilini bilishga mo‘ljallangan xona bilan tanishdi. Ma’lum qilishlaricha, kuzatuv kameralari, namuna nusxalari, kerakli o‘quv qurollari bilan jihozlangan auditoriyada o‘qituvchilarning, chet tili bo‘yicha imtihon topshirish istagini bildirgan talabgorlarning bilimlari sinovdan o‘tkaziladi. Ayni vaqtda bu boradagi barcha imtihonlar DTM binosida o‘tkazilmoqda. Ma’lumot uchun, avvallari talabgorlar o‘z viloyatida bu kabi sinovlarni topshirgan. Noroziliklar va muammolarning oldini olish, shaffoflikni ta’minlash maqsadida bu kabi sinovlar endilikda markazning o‘zida topshirilmoqda. Shu yilning oktabr oyidan boshlab bu kabi sinovlar har oyda o‘tkazib borilayapti.
Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasida yakuniga yetayotgan 2019 yilda chet tillarini bilish bo‘yicha test sinovlari haqida ma’lumot berildi. Test sinovlariga 14 ming 869 fuqaro ariza bergan. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar 3 ming 570 nafarni tashkil etmoqda.
– Davlat test markazi o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha testlarni ishlab chiqdi, – deydi Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i Sardor Rajabov. – Shuningdek, rus tilini bilish darajasi bo‘yicha standartlarga javob beruvchi B1 va B2 darajasidagi test namunalari ham yaratilgan. Rus tilida 5 ta ko‘nikma – leksika va grammatika, tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazuvchi mazkur testlar aprobatsiyadan o‘tkazilgan. Mazkur testlar tahlili va aprobatsiyasi bo‘yicha ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Rus tili bo‘yicha test loyihasining baholash mezonida maksimal ball 150 hisoblanib, 90 ball to‘play olgan talabgorga sertifikat berilishi mo‘ljallangan.
O‘zbek va rus tillaridan test loyihalari hali yangilik, qachon amaliyotga joriy qilinishi yoki mazkur testlardan kerakli ball to‘plagan talabgorlarga kirish imtihonlarida imtiyoz berilishi bilan bog‘liq hech qanday yangilik yo‘q.
2020-2021 o‘quv yilidan majburiy uchta fanning har biridan 15 tadan test savoli beriladi
Test sinovlarining kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu boshqarma abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish, uning shaxsiy kabinetini yaratish, ruxsatnoma olish, abiturientlarning natijalarini ko‘rsatish kabi ishlarni bajaradi.
So‘nggi yillarda markazni AKT bilan ta’minlash, qabul jarayonlarini osonlashtirish, qog‘ozbozlikni kamaytirish choralari ko‘rildi.
Ma’lumki, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab abiturientlar respublikaning istalgan hududida hujjat topshirib, boshqa hududda test imtihonidan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Endilikda abiturientlar ro‘yxatga olinayotganida qaerda test topshirmoqchiligini ko‘rsatishi kerak. Abiturient hujjat topshirganidan so‘ng hujjatlarning asli uning o‘zida qoladi, oliy ta’lim muassasasi tomonidan faqat o‘qishga kirgan talabalarning hujjatigina ularning o‘zidan qabul qilinadi. Hujjatlarni onlayn qabul qilish tizimi 2010 o‘quv yilida joriy qilingan. Ammo buni qabul komissiyasining o‘zi avval hujjatlarni tekshirib amalga oshirgan. Markaz mutaxassislari abiturientning hujjatlarini onlayn qabul qilish jarayonlarini ko‘rsatib, tushuntirib berdi.
Yana bir yangilik – 2019-2020 o‘quv yildan boshlab uchta OTMni tanlash imkoniyati berilganidir. Fanlarni tanlash jarayoni xususida ham ma’lumotlar berildi. Abiturient oliy ta’lim muassasasini tanlayotgan vaqtda test jarayonida savollarga javob berishi kerak bo‘lgan fani ham ko‘rsatiladi. Ma’lumki, test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi. Yana bir muhim o‘zgarish – har bir blok savollarining 30 tadan etib belgilangani. Bu jarayonda Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning tajribalari o‘rganilgan. Shu bilan birga, kelgusi 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab test sinovlariga majburiy uchta fan – ona tili va adabiyot, matematika va tarix fanlari qo‘shiladi. Majburiy hisoblangan uchta fanning har biridan 15 tadan savol berilishi rejalashtirilayapti.
Test imtihonlarining shaffofligi qay darajada ta’minlangan?
Bu savol hamisha muhim bo‘lgan va hammani qiziqtiradi. Shu bois test tayyorlash jarayonlari bilan tanishish biz uchun ham qiziq bo‘ldi. Bunda ekspertlarning ishlash jarayonini kuzatdik. Ularning ishlash tartibi bilan yaqindan tanishdik.
Har bir o‘quv fani bo‘yicha tuzilgan test topshiriqlari mazmuni ekspert tekshiruvidan o‘tkazilgandan keyingi bosqichda sinaluvchilarda aprobatsiyadan o‘tkazilgach, uning natijalari asosida talablarning ko‘rsatkichlari aniqlanadi va baholanadi.
Bunda test topshiriqlarining ishonchliligi, o‘lchovlarning aniqligi, test natijalarining begona tasodifiy omillar ta’siriga nisbatan barqarorligi, topshiriqning maqsadga muvofiqligi, qiyinlik darajasi, chalg‘ituvchi muqobil javoblar, mazmunan aniq bir fan bo‘yicha tayyorgarlik darajasini tekshirishga yo‘naltirilganligi va boshqa omillar ham hisobga olinadi.
Testologlar qaysi mezonlar asosida qabul qilinadi?
Ayni vaqtgacha Davlat test markazi testologiya bo‘yicha hech qanday ma’lumotlarni oshkor etmagan. Bu sohaga qabul qilinadigan mutaxassislar qaysi mezonlar asosida qabul qilinishi, ularga qo‘yiladigan talablar, bu yo‘nalishda kimlar ishlay olishini ham ko‘pchilik bilmaydi. Press-tur davomida ayni yo‘nalishda ishlaydigan mutaxassislar uchun qo‘yiladigan talablar ma’lum qilindi.
Sohaga talab qilayotgan fani bo‘yicha murojaat qilingach, ularning bilimlarini tekshirish maqsadida individual tarzda bosqichma-bosqich sinovlardan o‘tkaziladi. Mutaxassisligi bo‘yicha tayyorlangan 50 ta test savoliga javob berishi kerak bo‘ladi. Natija o‘sha vaqtning o‘zida talabgorga ko‘rsatiladi. Agar bu bosqichdan o‘ta olsa, keyingi bosqichda ular test savollarini ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradi. Fan yuzasidan test savollarini tayyorlash vazifasi yuklanadi. Bu vazifaning natijasi testologning bu sohada ishlay olish yoki ishlay olmasligini aniqlab beradi. Testologiya bo‘yicha ishga qabul qilingach, mutaxassislar xorijiy tajribalarni o‘rganib, malaka oshirib, bilimlarini mustahkamlagach, ish jarayoniga jalb qilinadi. Majburiy test jarayonlariga kiritilgan uchta fan kesimida talab yuqori bo‘lgani bois, uchtadan testolog mutaxassis ishlayapti. Yil davomida tayyorlab borilgan testlar tekshiriladi, saralanadi, savollar kitobi shaklida tayyorlash uchun yuboriladi. Ba’zi oliy ta’lim muassasalarida informatika fani saqlanib turgani bois, hozirda 13 fandan yil davomida test savollari tayyorlanmoqda.
Agar yaxshi mutaxassis viloyatda yashasayu, markazga ish bo‘yicha murojaat qilsa, u ishga olinadimi?
Ayni savolga mutaxassislar agar yaxshi mutaxassis viloyatda istiqomat qilsa ham markazga murojaat qilsa va belgilangan talablardan ijobiy natijaga erishsa, uni ishga olib qolish va shart-sharoitlarni yaratish choralari ko‘riladi. Murojaat qilayotgan mutaxassislar ko‘p ekanini ta’kidlash joiz.
OAV vakillari uchun mavsumiy maxsus yopiq rejim faoliyati bilan tanishish imkoniyati ham yaratildi. Maxsus rejimga amal qilinadigan binoga hech kim qo‘yilmaydi. Faqat ruxsat berilgan ishlovchilar kira oladi, xolos. Bu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan mutaxassislarning barmoq izlari va yuzlari texnik jihatdan tekshirilgach, binoga kira oladi va chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular ham maxsus tekshiruvlar asosida ishlaydi, doim nazorat ostida bo‘ladi. Shuningdek, testlar tayyorlanadigan va saqlanadigan xonaga kirish uchun ham faqat belgilangan shaxslar ruxsatnoma bilan kira oladi.
O‘zbekistonda test sinovlari yoz oylariga to‘g‘ri kelgani bois, DTMning belgilangan xodimlari maxsus binoga kirgach, ma’lum muddat tashqi muhit bilan aloqa uzib qo‘yiladi. Bu yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli noxush holatlarning oldini olish, ma’lumotlar tarqalib ketmasligi uchun ko‘rilgan qat’iy choradir. Ichkarida yotoqxona, oshxona, sport zallari tashkil etilgan. Telefon, fleshka, fotoapparat, kamera, disk va boshqa yozuvchi moslamalardan foydalanish taqiqlanadi. Telefon signallari maxsus glushitellar yordamida tutib qolinadi. Bu bino xonalarining derazalari ham muhrlangan, xona markaziy ventilyatsion tizim orqali havolantiriladi. Videokameralar o‘rnatilgan, harakat, ovoz yozib olinadi, markaziy video kuzatuv orqali nazorat qilinadi.
Bu binodan muhrlangan test savollari chiqariladi va muhrlangan holda javoblar qabul qilib olinadi. Xo‘sh, bu jarayon qanday amalga oshiriladi? Ma’lum qilishlaricha, testlar tayyor bo‘lgach, uni chop etish uchun maxsus bo‘limga yuboriladi. Bunda chop etilayotgan savollar kitobi aqlli zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshiriladi. Test bo‘lishi kerak bo‘lgan kunlarda savollar, javoblar varaqasi maxsus muhrlangan qutilarga joylanib, joylarga yetkaziladi. Test topshiriqlari va javoblarining muhrlari ham xavfsizlik qoidalariga amal qilingan holda tayyorlanadi.
Javoblar qay tartibda tekshiriladi? Test topshiriqlarini tekshirishda muammo bo‘lmaydimi? Natijalar qay darajada aniqlikka ega? Agar abiturient javoblar varaqasida adashgan bo‘lsa, qanday natija qayd etiladi?
Jurnalistlarning bu kabi savollariga mutaxassislar javob berdi.
Markazda javoblar qabul qilib olingach, tekshirish uchun maxsus bo‘limga yuboriladi. Javob varaqalarini tekshirish bo‘limi zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlangan. Javob varaqalarini tekshirish, to‘g‘ri javoblarni avtomatik tarzda aniqlab, bazaga kiritish maxsus dastur asosida amalga oshiriladi. AQSh va Rossiya texnologiyasi asosida javob varaqalari skaner qilinadi, ikkita texnologiya asosida aniqlangan axborotlarning bir-biriga mosligi tekshiriladi. So‘ng natijalar saytda shu bo‘lim mutaxassislari tomonidan e’lon qilinadi.
– Agar auditoriyaning o‘zida abiturientga nisbatan dalolatnoma tuzilmagan bo‘lsa, biz uning javob varaqasini shikast yetgan bo‘lsa ham javobini aniqlashga va e’lon qilishga majburmiz, – deydi mazkur bo‘lim mas’uli Jo‘rabek Eshniyozov. – Natijalarni aniqlash jarayonida texnikalarning o‘zi javob varaqasiga shikast yetgan bo‘lsa, aniqlab beradi. Keyin u yana bir texnologiya asosida tekshiriladi. Ikki texnologiyaning javobi yana bir tekshiruv – nazoratchining hujjati bilan ham solishtiriladi. Aqlli texnologiyada abiturient javob varaqasini 20 foiz miqdorida belgilagan bo‘lsa, natija chiqadi. Bo‘lmasa, faqat o‘sha savollardagina noto‘g‘ri natija qayd etiladi. Bu javoblarning hammasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Davlat test markazi bilan tanishuv jarayonida tizim so‘nggi yillarda isloh qilinayotgani, shaffoflikni ta’minlash, abiturientlar, ota-onalar va kuzatuvchilarning ishonchini oqlash maqsadida amaliy choralar ko‘rilayotganining guvohi bo‘ldik.