Suriya janubidagi Suvayda shahrida druzlar guruhi va badaviy qabilalar o‘rtasidagi to‘qnashuv to‘xtadi, dedi mamlakat Ichki ishlar vazirligi vakili Nuriddin Al-Baba.
— IIV tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirish va o‘z kuchlarini Suvayda viloyati shimoliy va g‘arbiy hududlariga joylashtirish bo‘yicha jadal sa’y-harakat natijasida qabila jangarilari hududni butunlay tark etdi, to‘qnashuvlar to‘xtadi, — deyilgan “Syria TV” axborotida.
13 iyul kuni viloyatdagi druzlar aholi manzillariga qurolli to‘dalar tomonidan hujum uyushtirilgandan keyin mintaqada vaziyat keskinlashdi. Natijada druzlar mudofaa bo‘linmalari aholini himoya qilish uchun jangga kirishdi.
Seshanba kuni Damashq tuqnashuv yuz bergan hududga qo‘shin va IIV kuchlari kiritilganini e’lon qildi. Amaliyotdan ko‘zlangan maqsad noqonuniy guruhlarni yo‘q qilish ekani aytildi.
Mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ziddiyat chog‘i 30 dan ko‘p odam halok bo‘lgan, 100 ga yaqin inson jarohatlangan. Suriya o‘tish davri hukumatining 20 nafar jangchisi ham halok bo‘lgani xabar qilindi.
Chorshanba kuni Isroil havo kuchlari druzlar jamoasini himoya qilish maqsadida Damashqdagi Bosh shtab va Prezident saroyiga zarba berdi. Keyinroq Suriya xavfsizlik kuchlaridagi manba "Al-Jazira" telekanali muxbiriga barcha noqonuniy guruhlar Suvaydani tark etgani haqida gapirgan.
Shanba kuni Prezident Ahmad Ash-Shara’ mamlakat janubida keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi va barcha tomonlarni qoidaga rioya qilishga chaqirdi.
S.Rahimov, O‘zA