Hozir ilm-fan va texnologiyalar jadal sur’atlarda rivojlanib, hayotimizning barcha jabhalariga chuqur kirib bormoqda. Ayniqsa, konchilik sanoatida raqamli yechimlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, aniq o‘lchovlarni ta’minlash hamda xavfsizlik darajasini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti.
OKMK marksheyderlari ham ushbu jarayonlardan chetda qolmay, faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llashni boshladi. Xususan, “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarida endilikda sanoat dronlari yordamida relefni tezkor va yuqori aniqlikda o‘lchash, 3D modellar yaratish, burg‘ilash rejasini tuzish va ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, LiDAR skaneri bilan jihozlangan uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar soniyasiga millionlab impuls yuborib, o‘simliklar orasidan ham yer sathining aniq tasvirini olish imkonini beradi. Natijada relefning batafsil raqamli modeli, hajm hisoblari va geodezik konturlar aniqlanadi. An’anaviy usullar bilan taqqoslaganda bu jarayon tezroq, xavfsizroq va ishonchliroq hisoblanadi.

Parvoz davomida tasvirga olingan ma’lumotlar “Datamine” dasturiy ta’minotiga yuklanadi. Bu yerda mutaxassislar nuqtalar bulutini qayta ishlaydi, tarmoq hosil qiladi, konning yangilangan 3D shaklini tuzadi hamda bloklarning geometriyasini aniqlashtiradi. Ochiq kon ishlari uchun maxsus dastur yordamida loyihalash va tezkor rejalashtirish vazifalari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, “DataBlast” moduli burg‘ilash-portlatish jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rishda keng qo‘llanilmoqda.
Dronlardan samarali foydalanish uchun OKMK ijro apparati va tarkibiy bo‘linmalarining marksheyderlik xizmatida faoliyat yurituvchi yigirmaga yaqin mutaxassislar maxsus o‘quv markazida malaka oshirish kurslarini tamomladi. Sertifikatga ega bo‘lgan xodimlar bugun ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanib, marksheyderlik ishlarini yuqori aniqlik va tezkorlik bilan olib borishmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumikin, dronlardan foydalanish orqali konchilik sohasida yangicha yondashuv va yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Yangi texnologiyalar marksheyderlarga qisqa vaqt ichida keng ko‘lamli ma’lumot olish, ishlab chiqarishni yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.
A.Musayev, O‘zA.