Uchuvchisiz uchar qurilma, qisqacha aytganda dron so‘nggi paytda, ayniqsa, harbiy maqsadda faol qo‘llanayotgani uchun hammaning tiliga tushdi. Aslida dronlardan fuqarolik va ilmiy sohada ham keng foydalanilyapti.

Mudofaa tizimida dron razvedka, kuzatuv, nishonni aniqlash va jangovar vazifani bajarishga yo‘naltirilsa, fuqarolik ishlarida o‘zi uchar qurilmalar chegarani nazorat qilish, yo‘qolganlarni qidirish, havodan suratga olish va hatto, yukni manzilga yetkazish kabi turli vazifalarni bajarmoqda. Dronlar ilmiy faoliyatda juda qo‘l keladi: geologiya, ekologiya, meteorologiya va boshqa ko‘plab sohalarda ma’lumotni to‘plash va tadqiq etish uchun beminnat dastyorga aylangan. Baribir, taassuf bilan ta’kidlash joiz, dronlar jangovar maqsadda ko‘p ishlab chiqarilmoqda va ishlatilmoqda.

Tarixga nazar

Ilk dron tarixi eng ko‘zga ko‘ringan aviatsiya kashshoflaridan biri Nikolay Kifer nomi bilan chambarchas bog‘liq. 1917 yil Kifer dastlabki uchuvchisiz boshqariladigan apparatni yaratib, “Kettering Bug” deb nomladi.

Ushbu inqilobiy mashina o‘zi uchar qurilmalarning birinchi turi hisoblanib, uchuvchisiz tizimlar rivojlanishiga zamin yaratdi. Tashqi tomondan uzunligi taxminan 5 metrlik kichik samolyotga o‘xshash, to‘rt metall g‘ildirak va ichki yonuv dvigateli bilan ishlaydigan parrak bilan jihozlangan bu matoh kichik hajmli o‘q-dori olib yura olar, radio orqali boshqarilardi.

Afsuski, mashina insonning mutlaqo bevosita aralashuvisiz parvozni amalga oshira olmadi. To‘laqonli zarba beruvchi uchuvchisiz samolyotdan ko‘ra, yuqoridan dushmanga havo torpedosi tashlaydigan vasita vazifasini bajara oldi.

Shunday bo‘lsa-da, Kifer yaratgan uchuvchisiz o‘zi uchar qurilma o‘z davri uchun mislsiz xizmat qildi. Girostabilizatorli mexanik boshqaruv tizimi joriy etilishi tufayli apparat yonilg‘i zaxirasi tugaguncha ma’lum masofani avtonom tarzda bosib o‘tishi mumkin edi. Ushbu dron soatiga taxminan 120 kilometr tezlikka erisha olgan. Shu tariqa Kifer Bitl zamonaviy uchuvchisiz samolyotgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

Dron qanday ishlaydi?

Dronning ishlash tamoyili sensorli tizim, avtopilot va dasturiy ta’minot kombinatsiyasiga asoslangan. Kamera, radar, lidar, navigatsiya tizimi kabi sensorlar atrof-muhit va avtomobilning joylashuvi haqida axborot to‘playdi. Ushbu ma’lumot avtopilotga uzatiladi, qayta ishlanadi va dronning keyingi harakati bo‘yicha qaror qabul qiladi, dvigatelning aylanishi, qurilmaning belgilangan trayektoriyadan chetlanmasligini nazorat qiladi.
Dronni boshqarish prinsipi va usuli aniq maqsadga qarab farqlanishi mumkin. Ba’zi dronlar butunlay avtonom harakat qiladi va inson aralashuvisiz o‘z-o‘zidan vazifani bajarishga qodir. Ayrimlari masofadan, yerdagi operator boshqaruv pulti yoki kompyuter interfeysi yordamida boshqariladi. Ko‘pgina zamonaviy samolyotlar ham fuqarolik, ham harbiy operator tomonidan boshqarilishi, mustaqil ravishda uchishi mumkin.

So‘nggi bir necha yil ichida dronlar fuqarolik aviatsiyasiga tobora ko‘proq joriy etilmoqda, havodan surat va video olish uchun ishlatilmoqda. Bu turli maqsadda, jumladan reklama, ko‘chmas mulk va turizm uchun havodan yuqori sifatli tasvir olish imkonini beradi. Dron yukni yetkazib berishda ham beminnat xizmatchi, ya’ni logistika vaqti va xarajatini kamaytiradi. Amazon dronlari bunga yaqqol misol.

Qishloq xo‘jaligida ham tengi yo‘q texnikaga aylanayotgan dronlar dalaning holatini, hosildorlikni va sug‘orish darajasini kuzatish, baholash orqali fermerga tuproqni o‘g‘itlash, dori purkash va ekinni boshqarish bo‘yicha qulay qaror qabul qilish imkonini beradi. Tabiiyki, ayni usul ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi va atrof-muhitga zararni kamaytiradi. Bunday qurilmalar Agrodronlar, deb ham yuritiladi. Zamonaviy qishloq xo‘jaligi dronlari pestitsidni purkay oladi.

Ilmiy maqsadda muhim vazifani bajara boshlagan uchuvchisiz boshqariladigan o‘zi uchar vertolyotlardan atrof-muhitni o‘rganish, ekotizimni monitoring qilish, iqlim o‘zgarishini tadqiq qilish, yovvoyi jonivorlarni aniqlash, ilmiy tekshiruv olib borish hamda boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda foydalanilmoqda. Odam borolmaydigan joylarga yetib borishi, chaqqonligi va manyovr qobiliyati tufayli dronlar ilmiy kashfiyot qilish va ma’lumotni tahlillashda yangi imkoniyatlar taqdim etmoqda.

Sanoatda zamonaviy dron qurilish maydonchasini tekshirish, elektr stansiyasiga texnik xizmat ko‘rsatish, kon qidirish kabi murakkab vazifalarni bajaryapti. Natijada texnik xizmat ko‘rsatish xarajati kamayib, ishchilar xavfsizligi ta’minlanyapti.

Dronlar yetkazib berish vaqtini qisqartirish va xodimlar hamda yonilg‘i xarajatini kamaytirish maqsadida yuk va pochta jo‘natmalarini tashishda ham keng qo‘llanmoqda.

Tibbiyotda dron tabiiy ofat sodir bo‘lgan joyga dori vositalari va asbob-anjom yetkazib berish, transplantatsiya uchun organla tashishda ishlatiladi. Tabiiyki, endilikda yetkazib berish vaqti qisqarib, bemor hayotini asrab qolish imkoni oshgan.

Dron turlari

Dronlar nafaqat havoda uchadi, balki yer yuzasida, suv tubi va ustida ham harakatlana oladi. Chegara nazorati, patrul xizmati, xavfsizlik va boshqa operatsiyalarda qo‘l keladi. Amerikaning “RQ-4 Global Hawk” droni razvedka uchun ishlatilsa, “MQ-9 Reaper” yer usti nishonini kuzatadi va zarba yo‘llaydi, “Orca” droni esa suv ostida razvedka olib boradi, Rossiyaning “Poseydon” uchuvchisiz o‘zi uchar apparatlari muhim ob’ektlarni yo‘q qilish uchun yadro kallagi bilan jihozlangan, deyishadi.

“Marker” jangovar platformasi yoki “Milrem Themis” kabi quruqlikda harakatlanadigan dronlar jang maydonida og‘ir yukni tashiydi. Navigatsiya sifatida lidar yoki kameradan foydalanadigan bunday tizimni operator konsolidan ham boshqarish mumkin.

Sof fuqarolik maqsadida ishlatiladigan dronlar ham mavjud. Masalan, Dubayning o‘zi harakatlanadigan metro poyezdlarini boshqarish jarayonida inson ishtirok etmaydi, barchasi avtomatik tarzda amalga oshiriladi. To‘liq sun’iy intellekt tizimiga, kompyuter algoritmiga, ilg‘or sensor texnologiyalarga asoslangan bu tizim yuqori aniqlikla ishlaydi, samarador va xavfsiz. Mazkur tizimda to‘siqlarni ilg‘or usulda aniqlash, temir yo‘l yo‘nalishini muntazam nazorat qilish, boshqaruv markazi bilan doimiy aloqani ushlash kabi qator xavfsizlik choralari mavjud. Tizimda yuzaga keladigan har qanday tahdidga avtomatik javob berish va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilgan.

Hozir ko‘pchilik dron harbiy maqsadda foydalaniladigan o‘zi uchar qurilma, deb tushunmoqda. Bunga arzirli sabab bor, albatta. Zero, so‘nggi yillarda sayyoramizning notinch, urush ketayotgan mintaqalarida drondan foydalanish keng tus oldi. Masalan, AQSH qo‘shinlari Afg‘oniston, Suriya va Iroqda harbiy dronlarni keng qo‘llaganiga guvoh bo‘ldik. Qolaversa, Ozarbayjon – Armaniston ziddiyatida Isroil va Turkiyada ishlab chiqarilgan harbiy dronlar raqobat yechimini belgilab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni payt Ukraina va Rossiya mojarosi ham dronlar ishtirokida kechmoqda. Apparatlar ikki tomondan ham nafaqat razvedka va kuzatuv, balki zarba berish, dushman texnikasini yo‘q qilish, ob’ektni vayron qilish uchun faol qo‘llanmoqda. Qiruvchi samolyotga yonilg‘i quyish, dengiz chuqurligini tadqiq qilish va hayot uchun katta xavf tug‘diruvchi boshqa murakkab harbiy vazifalarni bajarishga ham jalb etilmoqda.

Kuzatuvchilar dronning harbiy maqsadda qo‘llanishida ham ijobiy, ham salbiy oqibatlarni ko‘rmoqda. Asosiy afzallik, shubhasiz, xavfsizlik. Ya’ni, mashina ichida odam bo‘lmaydi, insonlar hayoti saqlab qolinadi, harbiylar nobud bo‘lishi kamayadi. Dron havoda uzoq muddatli missiyani bajarish, uzoq masofada yoki uzoq vaqt davomida kuzatuv, razvedka yoki boshqa vazifani ado etish imkonini beradi. Bundan tashqari dron har doim belgilangan dastur bo‘yicha uchadi, qurol ishlatish yoki ishlatmaslik bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruqni buzish ehtimoli yo‘q.

Salbiy tomoni esa maxfiylik muammosi. Dron harbiy kuchlarga shaxsiy daxlsizlikni buzish, ma’lumotdan noto‘g‘ri foydalanish bo‘yicha xizmat qilishi mumkin. Qonunlar, axloqiy me’yorlarga rioya qilinishini ta’minlash uchun qat’iy qoida va protokollarga ehtiyoj bor.

Dronlarga nisbatan xakerlik hujumi uyushtirilishi yoki elektron urush uskunasidan foydalanilishi ehtimoli juda yuqori. Natijada dronlar ustidan nazorat yo‘qoladi. Nazoratdan chiqqan apparat qurilmani uchirgan tomonga xavf tug‘dirishi, operator manfaatiga qarshi ishlashi ham mumkin. Nafsilamrini aytganda, bu nafaqat harbiy, balki fuqarolik texnologiyalariga ham tegishli.

Sayyoramizdagi eng kuchli jangovar dronlar

“General Atomics Aeronautical Systems” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “MQ-9 Reaper” apparati dunyodagi eng dong‘i ketgan va samarali harbiy dronlardan biri, deyishadi. Bu qurilma uzoq parvoz vaqtiga ega, lazerli boshqariladigan bomba yoki “Hellfire” raketasini tashishga qodir.
“Bayraktar TB2”  Turkiyaning Baykar kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, so‘nggi bir necha yil ichida eng mashhur uchuvchisiz havo vositalaridan biriga aylandi. Suriya va Liviyada faol qo‘llangan bunday moslamalar yerdagi nishonga zarba berish, razvedka va kuzatuv amalga oshirish qobiliyatiga ega.
Xitoyning “Chengdu Aircraft Industry Group” kompaniyasi ishlab chiqargan “Wing Loong II” droni yangi avlod ko‘p maqsadli uchuvchisiz uchish apparati sifatida e’tirof etilgan. Aslida, bu apparat Amerikaning birinchi “MQ-1 Predator” zarba beruvchi droni nusxasi ekani aytiladi.

Rossiyaning eng mashhur uchuvchisiz parvoz qiladigan vositasi “S-70 Oxotnik” hisoblanadi. Ovchi ma’nosini anglatuvchi mazkurmashina rasmiy ravishda 4++ avlod uchuvchisiz boshqariladigan samolyot sifatida tasniflanadi. Ushbu dron katta va og‘ir massaga ega, yerdagi nishonga hujum qilish, jangovar sharoitda razvedka olib borish hamda bir vaqtning o‘zida zarba bilan dushman havo mudofaasini yorib kirish singari turli murakkab vazifalarni bajarishga qodir.

Xullas, ayni payt faol rivojlanish davrini boshdan kechirayotgan dronlardan foydalanish yanada keng ko‘lam, rang-baranglik kasb etmoqda. Binobarin, bunday qurilmalarning imkoniyati vaqt o‘tgan sayin yana ortib boraveradi. Ayni maqsadlar mamlakatlar uchun harbiy sanoatga, jumladan jangovar dronlar yaratishga yangi-yangi investitsiya jalb qilishni taqozo etmoqda. Nima bo‘lganda ham, taraqqiyotni to‘xtatishning iloji yo‘q. Bu sohada hali yangilik  ko‘p qilinadi. Faqat umid shuki, bunday texnika vositalari insoniyatning tinch, yaratuvchanlik maqsadiga xizmat qilsin, aslo mash’um urush ramziga aylanmasin.

Internet ma’lumotlari asosida

Saidmurod Rahimov tayyorladi.

O‘zA 

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dronlar davri